Istiqlol bizga 8 qizning go‘zal iqbolini tuhfa etdi!
Ayol kishi uchun dala ishlari, fermerlikni yuritish hazilakam ish emas.

Bolalik chog‘larimda otam bilan birga dalaga chiqib, yonlarida o‘tirib traktorni boshqarishni va shu kabi jarayonlarni qiziqish bilan kuzatib o‘tirardim. Voyaga yetgach, sekin–asta o‘zim ham mustaqil ravishda bahaybat mashinalarni boshqarishni boshladim. Avvaliga traktorda, keyin esa g‘alla va paxta yig‘ish kombaynlarida dala ishlarini qilardim. O‘sha davr qarashlariga ko‘ra, bu o‘zbek ayoli uchun kutilmagan hodisa edi. Jamiyatdagi insonlarning fikrlaricha, ayol kishi faqat uyda, xo‘jalik ishlari va farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanishi lozim edi. Ammo men bularga eʼtibor qilmadim. Faqat oldinga intildim. Mehnatlarim kun kelib qadr topishiga ishonardim. Oldimga qo‘ygan maqsadimga erishish uchun astoydil harakat qildim, intildim.
O‘tgan umrimga shukronalar keltiraman. Tangri menga yelkadosh turmush o‘rtoq va soliha farzandlar ato etdi. Balki kimlardir bu sonni aytsam, vahimaga tushar, ammo rosti ham sakkiz nafar qizni tarbiyalashning o‘zi oson ish emas. Bir ayol, ham ona, ham rafiqa va yana fermerlik ishlarini yuritishi shunchaki o‘zi-o‘zidan bo‘lib qolmaydigan holatdir. Bu o‘rinda qanchadan-qancha mashaqqatlar, sabr-toqat va matonat talab etiladi. Ayol sifatida nafaqat davlat ishini ado etishimga, balki qizlarimizning tarbiyasi bilan shug‘ullanishim g‘oyatda zarur edi. Ularga bolaligim haqida ko‘p gapiraman. Bizning bolalik chog‘larimizda yoshlar uchun yaratilayotgan hozirgi shart-sharoitlar qayda edi, deysiz?! Qiz bolalarning ko‘cha xatlab chiqib, orzu-umidlari yo‘lida intilishlarini oyoq-osti qilishga urinuvchilar ko‘p edi. Ammo men bularga eʼtibor qilmadim, shunday kimsalarga ayol zotining qo‘lidan ko‘p ishlar kelishini isbotlashga intildim. Albatta bu jarayonlarda atrofimda har xil turdagi erkaklar, ishchilar bo‘lgan. Men o‘zimni, o‘z ayollik shaʼnimni hamma narsadan yuqori qo‘yib, mag‘rurona yelib-yugurganman. Shuning uchun, meni barcha hurmat qildi, eʼzozladi. Bu gaplarni farzandarimga o‘rnak bo‘lsin, xulosa qilsin deb, ko‘p gapirib beraman. Ularni o‘zim kabi bolaligidan mehnat qilishga o‘rgatdim. Olma pish – og‘zimga tush! naqlidan yiroq yurishga undadim. Inson hayotida ne ezgu tilaklarni orzu qilsa, shunga erishishini tushuntirdim. Hayotda eng muhimi turmush o‘rtog‘im bilan faqat va faqat halol mehnat qildik. Bolalarimizga halol luqma yedirdik.
O‘g‘lim yo‘q, deya noliganlarni yoqtirmayman. Qiz ham, o‘g‘il ham farzand. Mustaqillik sharofati bilan, qizlarimiz turli sohalarda muvafaqqiyatlarga erishmoqda. O‘z navbati bilan hammasi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olishdi, olishmoqda.
Shoira qizim qishloq xo‘jaligi sohasida zararkunanda hasharotlarga qarshi kurashish bo‘yicha bilaboratoriya mutaxassisi. Bundan tashqari, ko‘p hunarlarni egallagan.

Dildora qizim garchi oliygohning tarix yo‘nalishini tamomlagan bo‘lsa-da, sportga qiziqishi baland. O‘quvchilik chog‘laridan sportning voleybol turi bilan shug‘ullanib, respublika miqyosidagi turnir va musobaqalarda ishtirok etgan, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan.
Keyingi qizim Gulnoza esa otasining izidan bordi. Yozuvchi va tarjimon. Yozuvchilar Uyushmasining aʼzosi, Ijod fondidan Kutayotgan ayol nomli hikoyalar to‘plami va yana bir nechta kitoblar muallifidir. 2021-yilda Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori dissertatsiyasini himoya qildi.
To‘rtinchi qizim Zulxumor sanʼatkor sifatida tanildi. Barchamizni shod aylab, 2013-yilda Nihol Davlat mukofoti, 2020-yilda Shuhrat medaliga sazovor bo‘ldi. Maqom qo‘shiqlarni maromiga yetkazib kuylaydi.

Kenja qizlarim ham huddi opalari kabi tinib-tinchishmaydi, barchasi birin-ketin oliy maʼlumotli bo‘lishmoqda. Eng kichkina qizim Muqaddas Mamarasulova 2021-yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Bir nechta kitoblari O‘zbekistonda va xorijda chop etilgan.

Qizlarimiz hali hayotda ko‘p muvaffaqiyatlarga erishishlariga ishonchim komil. Qizlarimning to‘rt nafari uyli-joyli bo‘lishdi. Hammasi kelin bo‘lib borgan joylarida baxtli-soadatli turmush kechirishmoqda. Kuyovlarimni o‘z o‘g‘limdek ko‘raman. Hammasi jamiyatda o‘z o‘rniga ega, yurtimiz ravnaqiga nafi tegayotgan insonlar. Kuyovlarimiz ham oliy maʼlumotli, ishlarini yo‘lga qo‘yib olishgan. Hozirda 13 ta nevaralarimiz bor. Qizlarim – mening baxtim. Ularning boriga shukr.
Zulayho Sattorova,
Jizzax viloyati Zarbdor tumanidan.







