Mobil ilovada elektron xizmatlar soni 100 taga yetkaziladi
Bugungi kunda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yuridik va jismoniy shaxslarga 260 turdan ortiq elektron ko‘rinishdagi davlat xizmatlari taqdim etib kelinmoqda. Ularning 143 tasi (55 foizi) bepul ko‘rsatilsa, 131 tasidan (50 foizi) foydalanishda ERI talab qilinmaydi. Xizmatlarning 190 dan ortig‘i (73 foizi) tadbirkorlar uchun mo‘ljallangan.

Maʼlumki, 2021 yil 1 iyundan boshlab davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat tashkilotlari va muassasalari tomonidan aholidan, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlaridan 18 turdagi (sudlanganlik, manzil maʼlumotnoma, soliqdan qarzi bor-yo‘qligi, narkologiya yoki ruhiy kasalliklar dispanserida turishi va boshqalar) maʼlumot/maʼlumotnomalarni talab qilish amaliyotidan voz kechildi.
Bunda, davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat tashkilotlari va muassasalari tomonidan maʼlumotlar mustaqil ravishda Yagona portal moduli orqali olinadi. Mazkur amaliyotning joriy qilinishi ortidan dastlabki hisob-kitoblarga muvofiq aholining o‘rtacha bir oyda 1,3 mlrd.so‘m (yiliga 15,6 mlrd.so‘m) mablag‘i tejalishiga erishiladi.
Bundan tashqari, 2022 yilning 1 yanvaridan boshlab aholi hamda tadbirkorlik subyektlaridan qo‘shimcha ravishda yana 16 turdagi turli xil maʼlumotnomalarning so‘ralishi ham taqiqlandi. Mazkur imkoniyatlarni yaratish maqsadida bugungi kunda tegishli tashkiliy-texnik ishlar amalga oshirilmoqda.
Xabaringiz bor, joriy yil Yagona portalning mobil ilovasi ishga tushirilgan bo‘lib, aholiga ushbu ilova orqali 40 dan ortiq elektron xizmatlardan foydalanish imkoniyati yaratildi.
Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda O‘zbekistonda mobil abonentlar soni 27 milliondan oshgan. Bu – ular mobil internetga «kira oladi» degani. Shuni hisobga olib, endilikda YIDXPning mobil ilovasini rivojlantirib, unga yana-da ko‘proq xizmatlarni joriy qilishimiz lozim. Ushbu masalaga Prezidentimiz ham alohida to‘xtalib, yil yakuniga qadar mobil ilovada elektron xizmatlar sonini 100 taga yetkazish bo‘yicha topshiriq berdilar.
Hozirda 60 dan ortiq xizmatdan iborat ro‘yxat shakllantirilib, ularni joriy qilish bo‘yicha tarmoq jadvali ishlab chiqilgan. Yil yakuniga qadar ushbu xizmatlar bosqichma-bosqich joriy qilinadi hamda fuqarolarimizga ishdami, ko‘chadami, xullas, istagan joylarida va vaqtlarida 100 dan ortiq elektron xizmatlardan foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq saylov-2021 mobil ilovasi yaratilgani MIB.UZ mobil ilovasining ishga tushgani haqida xabar berilgandi.







