Jamiyat

Kobuldan Buxoroga evakuatsiya qilingan 200 nafarga yaqin afg‘onistonlik Vengriyaga olib ketildi

Bu haqda Buxoro xalqaro aeroporti masʼullari bergan maʼlumotga tayanib “Daryo” muxbiri xabar berdi.

Kobuldan Buxoroga evakuatsiya qilingan 200 nafarga yaqin afg‘onistonlik Vengriyaga olib ketildi

 

Maʼlum qilinishicha, 2021 yilning 20—22 avgust kunlari Kobul aeroportidan Vengriya havo kuchlari orqali Buxoro xalqaro aeroportiga 200 nafarga yaqin afg‘on fuqarosi — 56 nafar erkak, 53 nafar ayol, 64 nafar bola evakuatsiya qilingan. Va aeroport hududida vaqtinchalik chodirlar o‘rnatilib, zarur oziq-ovqat mahsulotlari hamda dorilar bilan taʼminlangan. Shuningdek, koronavirusga qarshi testlar olingan.

Aniqlik kiritilishicha, evakuatsiya qilinganlar orasida 2 nafar vengriyalik, 2 nafar avstriyalik, 35 nafar amerikalik hamda 134 nafar eronlik bo‘lgan.

Kobuldan Buxoroga evakuatsiya qilinganlarning aksariyat qismi 23 avgust, dushanba kuni Vengriyaning Budapesht shahriga olib ketilgan.

«Afg‘on bolalari uzoq yillarki, tongni bombalar portlashiyu, qurollar otishmasi bilan qarshilaydi. Bolaligimizdan O‘zbekiston davlati fuqarolari tongni bayram shodiyonalari bilan qarshilab, kunni bayram mushaklari otilishi bilan yakunlashadi, deya eshitganmiz. Bu xuddi bizga ertaklardagidek tuyulardi. Bugun esa shu ertaknamo zamindamiz. O‘zbekiston bizni xuddi o‘z farzandidek qarshiladi, do‘st bildi, birodar ko‘rdi. Cheksiz minnatdormiz», — deydi afg‘onistonlik Abu Nasr Akbar.

Kobuldan Buxoroga evakuatsiya qilingan 200 nafarga yaqin afg‘onistonlik Vengriyaga olib ketildi | Zamon.uz