Хorazmda yozgan arizasini qaytarib olish uchun korxona rahbaridan 180 mln soʼm talab qilgan shaxs ushlandi
Xorazm viloyatida huquqni muhofaza qilish organlariga yoʼllagan murojaatini qaytarib olishni vaʼda qilib, buning evaziga pul talab qilgan shaxs qoʼlga olindi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.

Maʼlum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Xorazm viloyat boshqarmasi tomonidan tadbirkorlik subʼektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tezkor tadbir oʼtkazilgan. Tadbirda fuqaro X.Yo. Gurlan tumanidagi sobiq muqobil mashina traktor parki va uning yordamchi binolarini goʼyoki «G» MChJ rahbari noqonuniy ravishda sotib olgani haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat yozgani aniqlangan.
Fuqaro X.Yo. yozgan murojaatini qaytarib olib, harakatdan toʼxtatishi evaziga MChJ rahbaridan tovlamachilik yoʼli bilan 180 million soʼm talab qilib, shundan 4 ming dollar va 74 million soʼmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilib, tergov harakatlari oʼtkazilmoqda.







