“Kino qahramonlari” qo‘lga olindi
17 avgust tonggi 04.30 atrofida Yunusobod tumanidagi bekatlardan birida joylashgan do‘konga niqoblangan ikki nafar shaxs qo‘lida pichoq bilan bostirib kiradi. Bosqinchilar savdodan tushgan pullarga yopishadi.

Kamiga bir quti tamakini ham o‘maradi. Sotuvchilardan biri shirin uyquda, ikkinchisi uyqu aralash holatda bo‘lgani uchun dastlab holatni to‘liq anglamaydi. O‘ziga kelgach zudlik bilan “102” raqamiga qo‘ng‘iroq qiladi. Tezkor guruh voqea joyiga yetib kelib, yon-atrofdagi kuzatuv kameralarini ko‘zdan kechiradi.
Olib borilgan tezkor surishtiruv natijasida tungi qaroqchilar oq rangdagi “Spark”da kelgani, mashinani ko‘z ilg‘amaydigan joyga qo‘yib, raqamlarini yechib tashlab, so‘ng do‘konni o‘marishga kirgani oydinlashadi.
Bosqinchilar so‘roqqa tutilganda go‘yo kinolardagi ana shunday holatga taqlid qilganini aytgan.
Yunusobod tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tergov bo‘limi “tungi qaroqchilar”ga nisbatan Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2 qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.
Ayni paytda tergov ishlari davom etmoqda. Gumondor shaxslarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, bundan avvalroq Toshkentda shinalar o‘rniga g‘isht qo‘yib ketayotgan o‘g‘irilar qo‘lga tushgani haqida xabar bergandik.
Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati







