Qalbga muhrlangan bitiklar
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan joriy yilda O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov tavalludining 80 yilligi mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda.


Poytaxtimizning Chilonzor tumani Naqqoshlik ko‘chasidagi adib yashagan xonadonda uning xotirasiga bag‘ishlangan adabiy kecha bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida yozuvchi xonadonining tashqi devoriga O‘tkir Hoshimovning surati aks ettirilgan berelyef o‘rnatildi. Xotira barelyefining tantanali ochilishiga adib va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, yozuvchining qadrdonlari, ijodkor yoshlar jam bo‘ldi.

O‘tkir Hoshimov haqiqatni, odamlarning dardu tashvishini o‘z asarlarida aks ettirar edi. Bugun uni shunday eslashadi. Darhaqiqat, adibning yozib qoldirgan merosi, xususan, “Daftar hoshiyasidagi bitiklar”i har bir insonning chin maʼnoda “yon daftari”ga aylanishga ulgurgan. Zamon.uz kitobdan o‘rin olgan eng sara qaydlarni yodingizga soladi.
Nuqul o‘tmishidan noliydigan odam kelajagini barbod qilishi mumkin. O‘z ildizini inkor qilgan daraxt qurib qoladi
***
Umr o‘lchovi yolg‘iz Ollohga, mazmuni esa ko‘p jihatdan insonning o‘ziga bog‘liq.
***
O‘z ko‘nglidagi mehrni o‘ldirish odam o‘ldirishdan og‘irroq jinoyatdir. Negaki har qanday razillik bemehrlikdan boshlanadi.
***
Ayol — gul. Erkak — bog‘bon. Sen gulni xor qilsang, uni o‘zga bog‘bon siypalaydi... Erkak — bog‘bon. Ayol — gul. Sen bog‘bonga tikan sanchsang, u o‘zga gulni siypalaydi... Ikki o‘rtada sening mevang yetim qoladi. Xudo shundan asrasin!
***
Bola tug‘dirganlarning hammasi ham Ota bo‘lavermaydi. Bola tuqqanlarning hammasi ham Ona bo‘lavermaydi. Bolaning hammasi ham Farzand bo‘lavermaydi...
***
“Oshsiz uy bor, urishsiz uy yo‘q” deydilar. Oilangda janjal chiqsa, eng avval farzandlaringni o‘ylab ish qil!
***
Yomonning yaxshisi bo‘lgandan yaxshining yomoni bo‘l. Yomondan — yomonlik yuqadi. Yaxshidan — yaxshilik.
***
Rost gapir. Rostgo‘y odam jasur bo‘ladi.
***
Mabodo qachondir mansabdor bo‘lib qolsang, bilib qo‘y: amal kursisida o‘tirganingda kim eng ko‘p tovoningni yalasa, kursidan tushganingda o‘sha birinchi bo‘lib sendan yuz o‘giradi!
***
Hech kimga yomonlik sog‘inma. Hatto dushmaningga yomonlik tilasang, bir chekkasi o‘zingga qaytib keladi. Negaki, olam bus-butundir.
Maftuna Rejabboyeva







