Qariyb 100kg.ga yaqin giyohvand modda yashirincha olib kirilishining oldi olindi
Bojxona xodimlari tomonidan giyohvandlik vositalarini bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib o‘tilishiga qarshi tezkor chora-tadbirlar muntazam davom ettirilmoqda.

Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasining “Sariosiyo” chegara bojxona postiga joriy yilning 25 avgust kuni tungi soat 3.30 larda qo‘shni davlat fuqarosi boshqaruvidagi “Mersedes-Benz” rusumli yuk avtotransport vositasi kirib keladi. Haydovchi hujjatlarda ko‘rsatilganidek, avtotransport vositasiga 20 tonna og‘irlikdagi ip kalava yuklanganini maʼlum qiladi.
Ammo, bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, tirkamaning old tomoni pastki qismiga jami 93 dona polietilen o‘ramlar yashirilgani fosh qilindi.
Mazkur o‘ramlardan yashil va qizil ranglardagi 82 ta o‘ramga 85 kg. 505 gr. og‘irlikdagi “geroin” hamda 11 dona sariq rangli o‘ramga 11 kg. 425 gr. og‘irlikdagi gashish giyohvandlik vositasi joylanganligi maʼlum bo‘ldi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Taʼkidlash joizki, respublikamiz bojxonachilari tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida aniqlangan 300 dan ortiq qonunbuzarlik holatlarida og‘irligi 260 kg.dan ziyod giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan.







