Jamiyat

Toshkentda fuqaroni Qirg‘izistonga o‘qishga kiritib qo‘yishi uchun undan 3,5 ming dollar so‘ragan shaxs qo‘lga tushdi

Toshkent shahrida fuqarolarni oliy taʼlim muassasasiga kiritish evaziga pul talab qilgan shaxslar qo‘lga olindi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.

Toshkentda fuqaroni Qirg‘izistonga o‘qishga kiritib qo‘yishi uchun undan 3,5 ming dollar so‘ragan shaxs qo‘lga tushdi

 

 

Maʼlum qilinishicha, departamentning Mirobod tumani bo‘limi tomonidan DXX bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda Z.A. ismli shaxs fuqaro Sh.ni tanishlari orqali Qirg‘izistonning farmatsevtika oliygohiga o‘qishga kiritib qo‘yishni vaʼda qilgani aniqlangan. Keyinchalik o‘qishini Toshkent farmatsevtika institutiga ko‘chirib berish evaziga undan 3,5 ming dollarni firibgarlik yo‘li bilan olgan Z.A. ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

 

Shuningdek, departamentning Yangihayot tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda O.U. ismli shaxs fuqaro Yu.ni 2 ming dollar evaziga O‘zbekiston temir yo‘llari texnikumiga tanishlari orqali o‘qishga kiritib qo‘yishni vaʼda qilgani aniqlangan. O.U. oldindan 1000 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushgan.

 

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon va Xorazm viloyatlarida abituriyentlarni o‘qishga kiritib qo‘yishni vaʼda qilgan institut hisobchisi va talaba ushlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Toshkentda fuqaroni Qirg‘izistonga o‘qishga kiritib qo‘yishi uchun undan 3,5 ming dollar so‘ragan shaxs qo‘lga tushdi | Zamon.uz