Jamiyat

Yuzaga chiqmay kelgan haqiqat qaror topdi

Dilafruz Gafurova qatag‘on qurboni Gafur Sultonovning evara kelini.

Yuzaga chiqmay kelgan haqiqat qaror topdi

 

Bu sulola vakillari yillar davomida bobosining oqlanishini kutib yashashdi. Gafur Sultonov 1930 yil 27 oktyabrdagi Markaziy Osiyo Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi (BDSB) Muxtor vakili qoshidagi Uchlik kengashi qarori bilan O‘zbekiston SSR JK 58-modda 2-qismi (qurolli to‘dalar, sovet hududiga qurolli qo‘zg‘olon yoki aksilinqilobiy maqsadlarda bostirib kelishi) va 59-modda 3-qismi (Chet el davlatlari bilan aksilinqilobiy maqsadlarda aloqada bo‘lish) bo‘yicha aybdor deb topilgan va otuvga hukm qilingandi.Shukrki, bugun Oliy sud hukmiga ko‘ra,u oqlandi.Ushbu kun Gafurovlar sulolasi uchun haqiqiy tantana bo‘ldi. Boisi, yillar mobaynida yuzaga chiqmay kelgan haqiqat qaror topdi.

 

Bugun Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov raisligida ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi.

 

Qayd etilishicha, mustabid sovet tuzumi davrida qatag‘on qurboni bo‘lgan va hozirgi kunga qadar oqlanmagan jami 6 ta jinoyat ishi bo‘yicha 115 nafar shaxsga oid jinoyat ishlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud majlislari o‘tkazilgan. Xususan, Oliy sud apellyatsiya instansiyasi Nosirxon To‘rayev va boshqa shaxslarga nisbatan ishni ko‘rib chiqqan hamda 1930 yil 27 oktyabrdagi sud protsessida ko‘plab qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlanib, chiqarilgan hukm bekor qilingan. Shuningdek, Ibragim Chakabayev va  16 nafar shaxs, Osman Terigulov, Gafur Sultanov, Kivam Kiramovlar ham Jinoyat prossessual kodeksining 83-moddasiga asosan oqlangan.

 

Bugun Oliy sudda 115 nafar qatag‘on qurbonlari aybsiz deb topilib, ularning pok nomlari oqlandi.

Yuzaga chiqmay kelgan haqiqat qaror topdi | Zamon.uz