Eron va Saudiya Arabistoni o'rtasidagi muammoni hal qilish uchun sammit o'tkazilishi kutilmoqda
Iroq Eron va Saudiya Arabistoni o'rtasidagi keskinlikni yumshatish uchun Bag'dodda sammit o'tkazishi ma'lum bo'ldi. Bu haqda «The Jerusalem Post» xabar berdi.

Aytilishicha, mazkur sammitda bu muammodan tashqari Yamandagi urush, Livandagi tartibsizliklar va mintaqadagi suv inqirozi muhokama qilinadi. Qayd etilishicha, Saudiya Arabistoni va Eron rasmiylari sammitda ishtirok etishi hali aniq emas.
Saudiya Arabistoni va Eron o'rtasidagi uzoq muddatli ziddiyatlar 2019 yilda Saudiya Arabistoni neftь zavodlariga qilingan hujumdan so'ng paydo bo'lgan. Ma'lum bo'lishicha, bu voqea Saudiyaning neftь ishlab chiqarish hajmini deyarli ikki martaga qisqartirgan. Ar-Riyod tomoni hujumda Eronni aybdor qilgan. Rasmiy Tehron esa bu ayblovni rad etgan.
Iroq rasmiylari Eronning yangi prezidenti Ibrohim Raisiyning yig'ilishda ishtirok etishiga umid qilmoqda. Ular sammitga ko'rfaz davlatlaridan Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari vazirlari ham kelishini kutayotgani aytilgan.
«Agar biz tashqi ishlar vazirlarini bir stolda to'plasak, bu eronliklar va ko'rfaz arablari o'rtasidagi ziddiyatni tugatish uchun yutuq deb hisoblanishi mumkin», — degan sammit haqida Iroq Bosh vaziriga yaqin rasmiy.
Avvalroq, “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog'liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferentsiya doirasida O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Saudiya Arabistoni Podshohligi Tashqi ishlar vaziri Shahzoda Faysal bin Farxon Ol Saud bilan uchrashuv o'tkazgani xaqida ma'lumot bergan edik.







