Narzullo Oblomurodov Ekopartiyadan prezidentlikka nomzod sifatida tasdiqlandi
27 avgust kuni Toshkentda O‘zbekiston Ekologik partiyasining III qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda partiya tomonidan prezidentlikka nomzodni tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqilgan.


Qayd etilishicha, partiya aʼzolari Ekopartiya markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Narzullo Oblomurodovni prezidentlik sayloviga nomzod sifatida tasdiqlashdi.
Bu yil Ekologik partiya “Biz kelajak uchun javobgarmiz” shiori ostida saylovda ilk bor qatnashmoqda.
Qurultoyda delegatlar saylovoldi dasturi bilan tanishtirildi. Nomzodning saylovoldi dasturi bir qator ekologik muammolarni bartaraf etish, aholining ekologik madaniyatini oshirish masalalariga qaratilgan.
Xususan, dasturdan “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish, aholini toza ichimlik suv bilan taʼminlash qamrovini kengaytirish, chiqindilarni qayta ishlashga qaratilgan davlat siyosatini kuchaytirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish kabi vazifalar o‘rin olgan.
Qurultoyda delegatlar nomzodning saylovoldi dasturini bir ovozdan maʼqulladi.
Avvalroq “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga Alisher Qodirov nomzodi tasdiqlangandi. 26 avgust kuni u o‘zining saylovoldi dasturini taqdim etgan.







