Jamiyat

Jizzaxdagi bog‘chada 6 yoshli qiz vafot etdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyati Yangiobod tumanidagi 2-son davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyalanuvchisi bo‘lgan qizchaning vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat Maktabgacha taʼlim boshqarmasi mazkur xabar yuzasidan munosabat bildirdi.

Jizzaxdagi bog‘chada 6 yoshli qiz vafot etdi

 

Munosabatda yozilishicha, 2021 yil 30 iyun kuni 2015 yilda tug‘ilgan 6 yoshli tarbiyalanuvchi D.Ro‘ziboyeva Yangiobod tumanidagi 2-son davlat maktabgacha taʼlim tashkilotiga yaxshi holatda kelgan. Shifokor G.Nasriddinova tomonidan tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilgandan keyin tarbiyachi U.Rahmonberdiyeva va yordamchi tarbiyachi G.O‘rinboyeva tarbiyalanuvchini qabul qilib olgan.

 

Tushlikdan so‘ng tarbiyachilar tomonidan bolalarga sog‘lomlashtiruvchi badantarbiya mashg‘ulotlari o‘tkazilib, ular uyquga yotqizilgan. Shu kuni soat taxminan 14:30lar atrofida yordamchi tarbiyachi G.O‘rinboyeva tomonidan bolalar uyqudan uyg‘otilganda tarbiyalanuvchi D.Ro‘ziboyeva bezovtalanayotgani va burni qonayotgani maʼlum bo‘lgan. Tarbiyachi shu zahoti tez tibbiy yordamga murojaat qilgan va bu haqda tuman maktabgacha taʼlim bo‘limiga xabar berilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan tarbiyalanuvchi D.Ro‘ziboyeva o‘sha kuni vafot etgan.

 

Taʼkidlanishicha, holat yuzasidan Yangiobod tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilgan. D.Ro‘ziboyeva vafoti yuzasidan to‘plangan hujjatlar Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilish rad etilgan.

 

Avvalroq Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida bog‘cha bolasi pnevmoniyadan vafot etgani hamda Olmaliq shahrida 36 kishi muzqaymoqdan zaharlangani haqida xabar berilgandi.

Jizzaxdagi bog‘chada 6 yoshli qiz vafot etdi | Zamon.uz