Xitoy-o‘zbek vaksinasining III faza tadqiqotlarining natijalari eʼlon qilindi
Xitoy Fanlar akademiyasi, Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. kompaniyasi hamda O‘zbekiston olimlari jamoasi hammuallifligida yaratilgan koronavirusga qarshi ZF-UZ-VAC2001 rekombinant vaksinasining III faza sinovlari natijalarining dastlabki statistik tahlillari yakunlandi.

Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi xabar berdi. Xitoy-o‘zbek vaksinasining 3 faza klinik sinovlari natijalari 27 avgust kuni Xitoy fond bozorida eʼlon qilindi.
“Shtammlar genetikasi bo‘yicha tadqiqotlar ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi barcha shtammlar uchun umumiy 81,76 foiz, alfa (“britancha”) shtammiga qarshi 92,93 foiz, delta (“hindcha”) shtammiga qarshi 77,54 foiz samaradorligini namoyish etdi”, — deyiladi xabarda.
Maʼlumot uchun, Pfizer vaksinasining samaradorligi 85 foiz, AstraZeneca 68 foiz ekani, Moderna vaksinasi esa “birlamchi” shtamm (“uxancha”) uchun yuqori samaradorlikni ko‘rsatib (94 foiz), delta shtamm uchun 76 foizgacha pastlagani ilmiy adabiyotlarda qayd etilgan.
Qayd etilishicha, mazkur tadqiqot, shuningdek, vaksinaga bo‘lgan inson organizmining reaksiyasi vaksina va platsebo olganlarda farq qilmaganini ko‘rsatgan. “Shunday qilib, klinik tadqiqotlar natijasi Xitoy-O‘zbekiston hammuallifligida yaratilgan vaksina aholiga koronavirus yuqishining oldini olish va xavfsizlik jihatdan samarali ekanini tasdiqladi”, — deyiladi vazirlik bayonotida.
Vaksinaning III faza xalqaro ko‘p markazli klinik tadqiqotlari 2020 yilning 10 dekabridan boshlangan bo‘lib, 18 yoshdan katta bo‘lgan jami 29 ming kishini qamrab oldi. Mazkur tadqiqotlar Xitoyning Xunan provinsiyasida, shuningdek, O‘zbekiston, Indoneziya, Pokiston va Ekvador davlatlarida o‘tkazildi.
30 iyun sanasiga kelib jami 28,5 ming nafar ko‘ngilli ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, ulardan 14 249 nafari vaksina va 14 251 nafari platsebo olganligi qayd etilgan. Mazkur ko‘ngillilardan 647 nafarida kasallik aniqlangan, ulardan 221 nafarida kasallik 3 ta doza vaksina olgandan so‘ng, 7 kundan keyin aniqlangan. JSST protokoliga ko‘ra, kamida 156 ta holatda kasallik aniqlansagina tadqiqot natijalari ochilishi mumkin.
Dastlabki statistik tahlil to‘liq vaksinatsiyadan 7 kun keyin kasallanganlarning 35 nafari vaksina bilan, 186 nafari platsebo bilan emlanganini ko‘rsatgan. Bu vaksinaning 81,76 foiz samarali ekanini anglatadi. JSST talablariga ko‘ra, vaksina kamida 70 foiz samara berishi lozim. Shuningdek, ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi bilan emlanganlar orasida kasallikning og‘ir shakli bilan og‘riganlar yoki o‘lim holatlari qayd etilmagan.
“ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining O‘zbekistondagi klinik sinovlariga keladigan bo‘lsak, klinik tadqiqotlar Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.Ltd kompaniyasining 8 nafar mutaxassisi, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazining 30 nafar olimi, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti va boshqa tibbiyot muassasalarining 112 nafar tibbiyot xodimlari tomonidan o‘tkazildi”, — deya taʼkidlanadi xabarda.
Maʼlum qilinishicha, klinik tadqiqotlarda O‘zbekistondan jami 6966 nafar ko‘ngilli ishtirok etgan bo‘lib, ulardan 214 nafari 60 yoshdan kattalar. Tadqiqotlar davomida har bir ko‘ngilli ishtirokchi 28 kun oralig‘i bilan 3 ta dozada “vaksina/platsebo” sxemasida emlangan. Ulardan 13 kishida o‘rta darajadagi nojo‘ya taʼsir aniqlangan bo‘lib, bu 1 foizdan kam ko‘rsatkichdir. Alohida ajratilgan guruhlarda 95 foiz holatlarda yetarli darajada antitanalar ishlab chiqarilgani aniqlangan.
“27 mart kunidan ko‘ngillilar orasida COVID-19 kasalligiga chalinganlar aniqlana boshladi. 232 nafar ko‘ngillida PZR test musbat natija ko‘rsatgan bo‘lsa, ulardan 52 nafar kishi kasallikning o‘rta shakli bilan og‘ridi. Musbat PZR testlar namunalari britancha shtamm mavjudligiga tekshirildi.
Mazkur tadqiqot shuningdek vaksinaga bo‘lgan inson organizmining reaksiyasi vaksina va platsebo olganlarda farq qilmaganini ko‘rsatdi. Shunday qilib, klinik tadqiqotlar natijasi Xitoy-O‘zbekiston hammuallifligida yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi aholiga koronavirus yuqishining oldini olish va xavfsizlik jihatdan samarali ekanini tasdiqladi”, — deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbek-xitoy vaksinasi atrofidagi bahsli munozaralar hamda o‘zbek-xitoy vaksinasi bepushtlikni keltirib chiqarishi mumkinligi haqida, O‘zbekistonda koronavirusga qarshi qancha odam emlangani xabar qilingandi.







