Bugundan yana bir yangi nodavlat teletarmoq ish boshladi
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan bugun erta tongdan mamlakatimizda yana bir yangi nodavlat teletarmoq o‘z faoliyatini boshladi.


O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi (O‘zEOAVMA) muassisligidagi Renessans TV teletarmog‘i joriy yilning aprel oyida O‘zEOAVMA tashabbusi bilan bir qator vazirlik va idoralar hamkorligida ishlab chiqilgan “Yangi O‘zbekiston. Yangi nigoh” media dasturi doirasida tashkil etildi.

Renessans TV teletarmog‘i bugun, 1 sentyabrdan test rejimida o‘z efirini boshladi. Hozircha respublikamizning 70% hududini qamrab olishi ko‘zda tutilgan mazkur teletarmoq keyinchalik bosichma-bosqich butun yurtimiz bo‘ylab o‘z mediamahsulotlarini taqdim etadi.
— Ayni paytda assotsiatsiyamizga aʼzo bo‘lgan 48 teleradiokanalning 13 tasini hududlardagi 13 ta nodavlat telekanallar tashkil etadi, — deydi assotsiatsiya direktori o‘rinbosari Rustam Jabborov. — Ularning har biri o‘z auditoriyasi, o‘z tarqalish hududiga ega bo‘lgani sababli bir-biri bilan raqobatlashmaydi. Renessans TVning asosiy maqsadi ushbu telekanallarni yagona televizon tarmoqqa birlashtirish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdan iborat. O‘z navbatida, joylardagi jarayonlarni, voqea-hodisalarni muntazam yoritishda hududiy nodavlat telekanallar ham bizga yaqindan yordam beradi.
Hududiy nodavlat telekanallarning aksariyati sifatli, litsenziyalangan media-mahsulotlarni sotib olish imkoniyatiga ega emas. Renessans TV esa, O‘zbekiston kinematografiya agentligi, xususiy kinostudiyalar, tegishli tashkilotlar bilan shartnoma asosida turli media-mahsulotlar, filmlar va seriallarni mazkur televizion tarmoq orqali tomoshabinlarga taqdim etiladi. Shuningdek, jamiyatimizdagi dolzarb masalalarning yetakchi ekspertlar, tegishli mutasaddilar, taniqli jurnalist va blogerlar ishtirokidagi muhokamasiga bag‘ishlangan turli formatdagi ko‘rsatuvlar efirga uzatiladi.

Teletarmoqning ijodiy va texnik guruhlari shakllantirildi. Test rejimida teletarmoq xodimlari o‘zbek kinosining nodir durdonalari hamda so‘nggi yillarda yaratilgan badiiy va hujjatli filmlar, mumtoz va zamonaviy kuy-qo‘shiqlar, taniqli sanʼatkorlarning konsert dasturlarini tomoshabinlar eʼtiboriga havola etilmoqda.

Renessans TV tyeletarmog‘i O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligiga to‘yona sifatida teletomoshabinlar uchun munosib tuhfa bo‘ldi.
Bahriniso Madumarova







