Jamiyat

Buxoroda tibbiyot kollejiga 400 dollar evaziga o‘qishga kiritishni vaʼda qilgan shaxs ushlandi

Buxoroda fuqaroni aldab, uni G‘ijduvon Tibbiyot kollejiga o‘qishga kiritish uchun pora bilan qo‘lga olingan shaxs holat yuzasidan tergovga qadar harakatlar davom etayotgan bir vaqtda yana takroran jinoyat sodir etdi. Holat viloyat huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda aniqlangan.

Buxoroda tibbiyot kollejiga 400 dollar evaziga o‘qishga kiritishni vaʼda qilgan shaxs ushlandi

 

 

Qayd etilishicha, 12 avgust kuni G‘ijduvon tumanida yashovchi R.Sh. ismli shaxs fuqaro O.Q.ni o‘zining vakolatli tanishlari orqali G‘ijduvon Tibbiyot kollejiga o‘qishga kiritishni vaʼda qilgan. Buning evaziga u O.Q.dan 400 dollar so‘ragan. R.Sh. G‘ijduvon tumani markazidagi «Uch yulduz» kafesi oldida ushbu kelishilgan 400 dollarni olayotgan vaqtda huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan qo‘lga olingan.

 

Olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida R.Sh. harakatlarida firibgarlik va pora berishga dalolat qilish jinoyati alomatlari mavjudligi aniqlangan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 1-qismi hamda 28-(jinoyat ishtirokchilarining turlari), 211- (pora berish) moddasining 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ishga oid to‘plangan hujjatlar Shofirkon tumani prokuraturasiga yuborilgan.

 

Tergov harakatlari davom etayotgan bir vaqtda R.Sh. xuddi shunday keyingi jinoyatni 18 avgust kuni takroran sodir etgan. Bu safar u g‘ijduvonlik fuqaro M.S.ga uni tuman tibbiyot kollejiga o‘qishga kirita olishiga ishontirib, 300 dollar talab qilgan. 300 dollarni fuqaro M.S.dan tumandagi “Nodirabegim” mahallasiga olib boruvchi yo‘lda olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

 

Avvalroq Surxondaryoda talabalarni 5,4 mln so‘mga chuv tushirib ketgan shaxs ushlangani hamda Andijon va Xorazm viloyatlarida abituriyentlarni o‘qishga kiritib qo‘yishni vaʼda qilgan institut hisobchisi va talaba ushlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Buxoroda tibbiyot kollejiga 400 dollar evaziga o‘qishga kiritishni vaʼda qilgan shaxs ushlandi | Zamon.uz