Qashqadaryoda tug‘ilgan 3 egizakka Ziroat, Saida va Shahnoza ismlari qo‘yildi
Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanidagi Xazratovlar oilasida uch egizak farzand tug‘ildi, deb xabar beradi NasafNews.


Maʼlum qilinishicha, tumanning “G‘ozliq” mahallasi Qo‘tontepa qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Muslimbek Xazratov va Navbahor Dushayeva oilasida 3 nafar egizak qizaloq dunyoga kelgan.
Qizaloqlarning bobosi Shodiyor Safarovning aytishicha, egizaklar 31-avgust kuni Toshkent shahridagi Perinatal markazda tug‘ilgan.
Eʼtiborlisi, ularga Prezident Shavkat Mirziyoyevning oila aʼzolari – rafiqasi Ziroatxon, qizlari Shahnozaxon va Saidaxonning ismi qo‘yilgan. Shodiyor Safarovning aytishicha, bu borada Prezidentga xat yozib, ulardan rozilik ham olingan.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yil oktyabrida Buxoro viloyati Shofirkon tumanida 3 egizak tug‘ilgani, ularga Mirziyo, Miromon va Saida ismlari qo‘yilgandi.
Shuningdek, 2019-yilda Jizzax, Xorazm, Buxoro, Qashqadaryo viloyatlarida tug‘ilgan uch egizaklarga Shavkat, Miromon va Mirziyo ismlari Farg‘onada tug‘ilgan uch egizakka esa Shavkatjon, Ziroatxon va Saidaxon ismlari qo‘yilgan.







