Talabalar O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalarida amaliyot o‘taydi
OTMlarda xalqaro munosabatlar sohasida o‘qiyotgan talabalarning amaliyoti mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari yoki xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalarda tashkil etiladi. Bu Hukumatning joriy yil 31 avgustdagi qarorida qayd etilgan.


Amaliyot bir o‘quv yilida bir marta 10 kundan kam bo‘lmagan va 30 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatlarda, 2 bosqichda amalga oshiriladi. Bu davrda stipendiyalar saqlab qolinadi.
— Birinchi bosqichda OTM xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirgan iqtidorli 3-kurs talabalarining ro‘yxati va ularga berilgan tavsiyanomalar har yili 1 iyulgacha TIVga taqdim etiladi;
— Saralab olishda talabalardan S1 darajasidagi sertifikat, o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari 80 ball va undan yuqori bo‘lishi, fanlardan qarzdorlik bo‘lmasligi talab etiladi;
— Ikkinchi bosqichda nomzodlar TIVda qabul qiluvchi tashkilot talablari va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda taqsimlanib, 20 iyulgacha suhbatdan o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq emlangan talabalarga kontraktda chegirma berilishi hamda to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun taʼlim kreditlarini ajratish belgilangani haqida xabar berilgandi.
Bahriniso Madumarova tayyorladi.







