"Talabalar shaharchasi"dagi oʻrindiqlar tunab qolish uchun oʻrnatilganmi? (2-maqola)
“Talabalar shaharchasi”dagi yashil maydonlar uysiz talabalar uchun yotoqxona bo‘ldi.

"....kelganimdan buyon viloyatlik tanishimnikida edim. Bugun uydan chiqishga majbur bo‘ldim. ...baʼzilarga o‘xshab, ko‘chada yotganim yo‘q, Xudoga shukr."
“Turar joyimni aniq qilmay borsam, ko‘chada qolishdan qo‘rqaman.”
“Ota-onamizga bu muammolarni ayta olmaymiz. Yo xavotirdan “yuraklari yoriladi” yo o‘qishni tashlab uyga qaytishga majburlashadi.”
Avvalroq, viloyatdan poytaxtga o‘qishga kelgan talabalarni qiynayotgan IJARA muammosi haqida maqola eʼlon qilgan edik. Bu ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilari tomonidan ko‘plab fikr-mulohazalarga sabab bo‘ldi. Hatto, ayrim talabalar tahririyatimizga qo‘ng‘iroq qilib, bu masalaning ijobiy hal etilishida ko‘mak ham so‘rashdi.
Shundan so‘ng biz mavzuni davom ettirishga qaror qildik.
So‘nmagan umid
Ijaraga uy izlab, tunu-kun internetdan bezigan, yashashga joyi bo‘lmay viloyatlik tanishining uyida vaqtincha yashab yurgan talabaning yaralarini yangiladik chog‘i, u ko‘plab sheriklari ham shu holatda ekanini aytib berdi.
— Darslar boshlangandan buyon Toshkentdamiz. Barcha sheriklarimiz bilan bir guruh bo‘lib, “kvartira” qidirdik. Biroq haligacha topolmadik. Uyma-uy yurib, unisidan-bunisiga yugurib, vaqtning allamahal bo‘lganini sezmay ham qolamiz. Mana, bugun ham baʼzi uylarni ko‘rdik, o‘xshamadi.
— Qiynalmayapsizmi? Bugun qayerda qolasiz?
— Xudoga shukr, baʼzi talaba yigitlardek ko‘chada yotganimiz yo‘q. “Kvartira” topolmaganlar, shaharda tanish-bilishi yo‘qlar (asosan, birinchi kurslar), “Talabalar shaharchasi”ning o‘tloqlarida tunni bedor o‘tkazmoqda.
— Bugun qayerda qolasiz? Kechagi joyingizga borib turasizmi?
— Bugun u yerga qaytolmaymiz. 10 sentyabrgacha kelishgandik. O‘zi u uyda odam juda ko‘p. Bugun yana avvaldan kelishib qo‘ygan sheriklari keladi. Biz sig‘maymiz.
— Unda qayerda qolasiz?
— “Kvartira” topiladi, deb ishonib turibmiz. Topilmasa, kunlik “kvartira”larga boramizda!
Bu kecha (9-sentyabr)gi suhbat. Ushbu talaba bizga begona bo‘lmagani bois, undan havotir olib, yarim tunda qo‘ng‘iroq qildik. U: “Ko‘chada qolamanov, biror kafeda o‘tirarmiz” deya homush holda aloqani uzdi...
Tanishlarimizdan “Talabalar shaharchasi” ko‘chasida tong ottirayotgan talabalar haqida eshitganimizdan so‘ng, u yerga borib, holatni o‘rganishga qaror qildik.
Soat 23:00. Ko‘zlagan manzilga yetib borganimizda yuklari bilan to‘planib o‘tirgan talaba yigitlarga ko‘zimiz tushdi. Avvaliga ikkilandik, balki shunchaki o‘tirishgandir, deya. Lekin odobsizlik bo‘lsa-da, ularga chin dildan yordam qilish maqsadida, ularning gaplariga pinhona quloq tutdik. Ularning suhbati “KVARTIRA”, YOTOQXONA va uni olishda kerak bo‘ladigan hujjatlar haqida edi: "...bermadi. Ololmadim. ...hujjat olib kel degandi, ....meni ham chiqarib yubordi. Poytaxtda o‘qishni bir umr orzu qilgandim, ammo boshidanoq bunday qiynalaman deb sira o‘ylamagandim...”
Ularning vaziyatini o‘rganish uchun bir yigitni yonlariga jo‘natdik. Uyalishdimi, qo‘rqishdimi, bilmadik. Muammolar haqida umuman so‘z ochishmadi.
Ishxonada qolgan talaba qizlar
Ikkita tengdoshimiz ham huddi shu muammo tufayli ko‘pdan beri qiynalib yuribdi.
— 1-kurs vaqtimizdan beri shu ahvol. Pul bor, uy yo‘q, mana shu ko‘proq alam qiladi. Uy topishning o‘zi ham, ijaraga qo‘yuvchilarga ishonish bir muammo. Ota-onamizga bu dardlarimizni aytolmaymiz. Yo havotirdan “yuraklari yoriladi”, yo o‘qishni tashlab, uyga qaytishga majburlashadi. O‘qishga kirganimizdan buyon ijara bilan bog‘liq muammolarga ko‘p duch keldik. Orada buyumlarimiz yo‘qoldi. Ko‘chada qolmaganmizku, deb xursand bo‘lib yurgandik. To‘g‘ri, ko‘chada qolmadik, ishxonada qoldik. O‘sha kunlari “kvartira” qidirdik. Telefon qilib tinmadik, yo band, yo uyda erkak kishi bor, yoki uy juda uzoq, sharoiti yo‘q, lekin narxi falon pul. Bir kun ishda tong ottirganimizdan so‘ng hamkasb opamiz qo‘yarda-qo‘ymay uyiga olib ketdi. Bolalarining xonasidan bizga joy hozirlab berganida, uy o‘ziniki deb o‘ylagandik. Keyin bilsak, bu oilaning o‘zi ham ijarada turar ekan. Hozir ularni uyida yashayapmiz, ijara uylar “tinchlangach” yana qidirishda davom etmoqchimiz. Xullas, ijaraga uy topish kerak!"
Turar joyimni aniq qilmay borsam ko‘chada qolib ketishdan qo‘rqaman
Universitetda o‘qiydigan 3-kurs talaba qiz uchun hali “darslar boshlangani yo‘q.” Chunki uni shaharda qolishga joyi yo‘q. Yotoqxonalar esa hali taqsimlanmagan.
— Tanishlarim yo‘q, ko‘pchilikdan so‘radim, hech qayerda joy yo‘q ekan. O‘zimizga ham topolmayapmiz deyishdi. Turar joyimni aniq qilmay borsam ko‘chada qolib ketishdan qo‘rqaman. Ota-onam ham ruxsat bermaydi."
Dekan esa dars o‘tayotgan o‘qituvchidan qatnashmayotganlar ustidan bildirgi yozib berishini so‘ragan, talabalarning darsda qatmashmayotgani sababini emas.
Qiziq, qancha talabalar darsda qatnashmayotgani yoki kechasi ko‘chada tunab qolayotganini nahot bilishmasa? Talabalar ijara, yotoqxona muammosidan qachongacha qiynalishadi? Ular o‘qisinmi, ijaraga uy izlasinmi yoki yotoqxona ortidan quvlasinmi? Yo talabalikning oltin davri shu kabi zahmatlar ortiga yashiringanmi?
Yelkaga quyosh tegdimi?
Ayni shu kunlarda yuqoridagi vaziyatlarni bartaraf etish maqsadida “Respublika oliy taʼlim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Hukumat qarori qabul qilindi.
Unga muvofiq kelgusi yillardan talabalarning bu kabi muammolari bosqichma-bosqich bartaraf etiladi. Respublika bo‘yicha jami 228 ta talabalar turar joylari (400 o‘rinli) barpo etiladi. Shundan hududlarda 2022 yilda 47 ta, 2023 yilda 67 ta, 2024 yilda 62 ta, 2025 yilda 52 ta talabalar turar joylari quriladi.
Talabalar yotoqxonalari davlat-xususiy sheriklik asosida quyidagi shakllarda ham barpo etiladi:
➖ loyihalarni tadbirkorning o‘z mablag‘idan kelishiladigan shartlar asosida moliyalashtirish;
➖ loyihalarni tadbirkor va Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan aralash moliyalashtirish (kamida 200 o‘rinli turar joyni barpo etish uchun);
➖ loyihalarni tadbirkorning to‘liq o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish (kamida 400 o‘rinli turar joyni barpo etish sharti bilan).
Turar joylarni qurish uchun viloyat hokimlari tomonidan OTMga 0,5 gektargacha yer unga yaqin joylardan ajratiladi.
Tadbirkorga tegishli yer yoki binoda kamida 50 o‘rinli turar joy tashkil etish tizimi joriy etiladi.
Bunda to‘lov OTM bilan kelishiladi hamda u yerda yashagan har bir talaba uchun tadbirkorga bir o‘quv yili uchun Toshkent shahrida BHMning 10 baravari, boshqa hududlarda esa 5 baravari miqdorida subsidiya ajratiladi.
OTMlarning oshxona va bufetlarini olgan tadbirkorlarga davlat ko‘chmas mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovining eng kam stavkalari qo‘llaniladi.
Bunda tadbirkorlar talabalar uchun sifatli oziq-ovqat mahsulotlari va taomlar tayyorlash hamda ularni arzon narxlarda sotish majburiyatini oladi.
2021 yil 1 sentyabrdan talabalar bilan ishlash bo‘yicha “guruh murabbiyi” instituti bekor qilindi. Uning o‘rniga 1–3-kurs talabalari uchun muammolarni bartaraf etishda yaqindan yordam ko‘rsatuvchi tyutorlarni biriktirish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Har 120-150 nafar talabaga 1 ta shtat birligi hisobida “Tyutor” lavozimi joriy etiladi.
Umid qilamizki, mazkur qaror ijrosi samarasi o‘laroq, talabalar orasidagi ijara va yotoqxona muammosiga bu yilning o‘zidayoq xotima yasaladi. Kelasi yil ular o‘qishning ilk kunidanoq aʼlo kayfiyatda bilim olishga bel bog‘laydi.
Bahriniso Madumarova,
Maftuna Rejabbayeva







