Moskva metrosida o‘zbek va tojik tilidagi yozuvlar paydo bo‘ldi
Moskva metro bekatlaridan birida tojik va o‘zbek tillarida yozuvlar paydo bo‘ldi. Bu haqda “RBK” xabar bermoqda.


Maʼlum qilinishicha, tojik tilidagi yozuvlar kirill, o‘zbek tilidagilar esa lotin alifbosida ko‘rsatilgan.

Qayd etilishicha, hozircha bu tajriba tariqasida faqat Chertanovo Yujnoye tumanidagi “Lesoparkovaya” bekatida joriy qilingan. «RIA Novosti»ning yozishicha, bu bejiz emas, chunki mazkur bekatdan migratsiya markaziga avtobuslar qatnaydi.

Metropolitenning o‘zi ularning vazifasi metroni turli yo‘lovchilar uchun qulay va tushunarli qilishdan iborat ekanligini taʼkidlagan. Xususan, vagonlardagi elektron tablolardagi gaplar 9 tilda ko‘rsatiladi.








