O‘n ming O‘zbekistonlik yaqin vaqt davomida Rossiyaga ishga jalb qilinadi
Shu paytgacha Rossiya federatsiyasiga ishga boruvchi fuqarolar patent hujjatini olishi uchun o‘sha mamlakatda besh xil turdagi tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, hamda barmoq izini ichki ishlar bazasiga kiritish uchun 1 oygacha bo‘lgan muddat talab qilinar edi. Rossiyalik hamkorlar bilan o‘tkazilgan qator uchrashuv va muzokaralar natijasida shu kabi ishlar endilikda O‘zbekistonda amalga oshirilib, ishchilar tayyor holatda Rossiya mehnat bozoriga kirib boradigan bo‘ldi.


O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining maʼlum qilishicha, ikki mamlakat o‘rtasida tegishli vazirlik va idoralar masʼul vakillari ishtirokida fuqarolarni tashkiliy tarzda ishga joylashtirish, mehnat migrantlari sog‘lig‘ini muhofaza qilish, ichki ishlar organlari vakolatiga tegishli masalalarga bag‘ishlangan muhokamalar olib borildi.
Xususan, Rossiya Federatsiyasi mehnat migratsiyasi bo‘yicha delegatsiyasining 10-11 sentabr kunlari mamlakatimizga amalga oshirgan tashrifi yakunlari bo‘yicha quyidagilarga erishildi:
1. Qurilish sohasida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Rossiya Federatsiyasiga jalb qilish bo‘yicha pilot loyiha doirasida 10 ming mehnat migranti yaqin vaqt davomida soddalashtirilgan tartib asosida Rossiyaga ishga jalb qilinadi.
Nomzodlarni ishga jalb qilish bilan bog‘liq, jumladan, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, emlash, rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi bo‘yicha imtihon topshirish, patent rasmiylashtirish va transport xarajatlari ish beruvchilar tomonidan qoplanishi ko‘zda tutilmoqda.
2. Rossiya Federatsiyasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolarni emlash va koronavirusga qarshi test topshirish jarayonlari, ikki davlat mutaxassislari tomonidan Rossiya tomoni tibbiy uskunalari yordamida birgalikda O‘zbekistonda amalga oshiriladi. Natijalar bo‘yicha tibbiy maʼlumotlar "COVID-19siz sayohat" ilovasi tizimiga joylashtiriladi.
3. Rossiya Federatsiyasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun patent olishda talab etiladigan daktiloskopik ro‘yxatga va rasmga olish jarayonlarini ikki davlat Ichki ishlar vazirliklari tomonidan Rossiya tomoni uskunalari yordamida O‘zbekistonda amalga oshirishga kelishib olindi.
Vazirlikning taʼkidlashicha, ikki davlat o‘rtasida mehnat migratsiyasi sohasida erishilgan ushbu kelishuvlar Rossiya federatsiyasida ishlash istagida bo‘lgan ko‘plab yurtdoshlarimiz uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratib, fuqarolarning vaqti va xarajatlari qisqarishiga olib keladi.







