Jamiyat

Toshkent metrosida karantin qoidalariga rioya etilyaptimi?

«Toshkent metropoliteni» unitar korxonasi bekatlarida karantin qoidalariga rioya etilishi yuzasidan reyd tadbirlari o‘tkazildi, deya xabar bermoqda «O‘zbekiston temir yo‘llari».

Toshkent metrosida karantin qoidalariga rioya etilyaptimi?

 

 

«Hozirgi kunda yurtimizda karantin qoidalari yumshatilgan bo‘lsa-da, biroq virus bizdan hanuzgacha chekingani yo‘q. Ammo karantin cheklovlari yumshatilgani sababli ayrim fuqarolar tomonidan aholi gavjum joylarda tibbiy niqobsiz harakatlanish davom etmoqda», deyiladi xabarda. 

 

Maʼlum qilinishicha, shu munosabat bilan Ichki ishlar vazirligi Transportda xavfsizlikni taʼminlash bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan Toshkent metropolitenida reyd tadbirlari o‘tkazildi.

 

 

«Metro bekatlarida yo‘lovchilarning to‘planishi - bu xavf to‘lqinidan dalolatdir. Buni anglagan yo‘lovchilar karantin qoidalariga amal qilgan holda harakatlanishmoqda. Biroq ayrim yo‘lovchilar o‘z hayotiga eʼtiborsizlik va loqaydlik bilan niqobsiz yoki niqoblarini jag‘ qismiga tushirgan holda harakatlanishmoqda». 

 

Qayd etilishicha, profilaktik tadbirlarni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad karantin qoidalariga rioya qilmagan yo‘lovchilarni jarimaga tortish emas, aksincha virusni yengishda hamjihatlikni taʼminlash. 

 

Huquq-tartibot xodimlari bu gal karantin talablarini buzgan fuqarolarni virus xavfidan ogohlantirib, o‘z salomatligiga eʼtiborli bo‘lishga chaqirgan. Niqoblar tez-tez almashtirilishi lozimligi tushuntirilib, tibbiy niqoblar tarqatilgan.

 

Avvalroq Moskva metro bekatlaridan birida tojik va o‘zbek tillarida yozuvlar paydo bo‘lgani haqida xabar berilgandi.

Toshkent metrosida karantin qoidalariga rioya etilyaptimi? | Zamon.uz