“Amirsoy” kurort zonasida 700 tup daraxt kesib tashlandi. Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Har bir novdaning, daraxtning so‘rovi bo‘ladi. Biroq ekologik barqarorlikni taʼminlash, atrof-muhitni muhofaza qilish yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotgan, bu sohada targ‘ibot va qatʼiy nazorat tadbirlari olib borilayotgan bo‘lsada, joylarda hamon tabiatga beparvolik bilan munosabatda bo‘lish hollari to‘liq barham topgani yo‘q.


Masalan, Bo‘stonliq tumanidagi “Amirsoy” kurort zonasida 700 tup atrofidagi qimmatbaho daraxtlar kesib tashlandi. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining matbuot kotibi maʼlumot berdi.

Qayd etilishicha, ushbu holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 198-moddasi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Maʼlumot uchun, Prezidentning “2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni bilan daraxt kesish uchun moratoriy 2021 yilning 31 dekabriga qadar uzaytirilgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ekologiya sohasida javobgarlikni kuchaytirish nuqtai nazaridan amaldagi qonunlar qayta ko‘rib chiqilishi hamda Surxondaryo viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Denov tumanida kesilgan daraxtlar bo‘yicha munosabat bildirgani haqida xabar berilgandi.
Bahriniso Madumarova







