Ovqatlanayotganda nega suyuqlik ichish tavsiya etilmaydi?
Olimlar va diyetolog-mutaxassislarning taʼkidlashicha, suv inson salomatligi uchun juda muhim oziqa sanaladi. Shu bois, ular bir kunda ikki litrga yaqin suv ichishni tavsiya etadi. Kofe, choy va boshqa ichimliklar esa suv o‘rnini bosa olmaydi. Suv ichish jarayonida qancha ichish emas, balki qanday va qaysi vaqtda ichish ahamiyatlidir. Suvni ovqatdan avval va keyin isteʼmol qilish kerak. Bu odat salomatlikka ijobiy taʼsir ko‘rsatadi.


Xo‘sh, taom tanovul qilish paytida suv ichilsa qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin? Keling, birgalikda bilib olamiz.
Mutaxassislarning aytishicha, oshqozon bilan bog‘liq ko‘p muammolar ovqatni suv bilan ichish oqibatida yuzaga keladi. Chunki ichimliklar so‘lak ishlab chiqarish jarayonini susaytiradi. So‘lak esa ovqat hazmi uchun juda muhim.
Ovqatlanayotganda suv ichish oshqozonda shilliq ishlab chiqarish jarayonini ham izdan chiqaradi. Bu, o‘z navbatida, ovqat hazmiga salbiy taʼsir ko‘rsatadi. Chunki ovqat isteʼmol qilayotib, suv ichilsa luqma chaynalmay yutiladi. Yetarlicha chaynalmagan ovqat oshqozonga tushishadi. Oqibatda, hazm qilish tizimining quyi qismida ularning qonga so‘rilish jarayoni izdan chiqishi mumkin.
Shuningdek, yog‘li taomlar yeyilayotganda muzdek ichimlik ichish ham zararli. Chunki bunday holatda sovuq taʼsirida luqma oshqozonda “qotib qoladi”. Shu bois, taomlanayotganda issiq yoki sovuq ichimliklar ichmagan maʼqul. Ularni ovqatlangandan yarim yoki bir soat o‘tgach ichish tavsiya etiladi.
Muhim tavsiyalar: Suvni taomdan avval iching. Bu orqali siz keragidan ortiq taom yemaslik, shuningdek, taom vaqti to‘yganingiz yoki to‘ymaganingizni xolis va aniq baholashga muvaffaq bo‘lasiz.
Ozoda Choriyeva







