Yangi texnologiyalar va xavfsizlik: Samarqandda ShHT+ ekspertlarining ilk uchrashuvi o‘tkazilmoqda
Tadbirda a’zo davlatlar, kuzatuvchilar va hamkor mamlakatlar maxsus xizmatlari vakillari qatnashmoqda.

Samarqand shahrida Xavfsizlik masalalari bo‘yicha ShHT+ birinchi ekspertlar muloqoti o‘z ishini boshladi. “Raqamli transformatsiya davrida xavfsizlik: yangi texnologiyalar rivojlanishini hisobga olgan holda terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish” mavzusidagi tadbir O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi, general-polkovnik B. Qurbonov raisligida o‘tkazilmoqda.
Uchrashuv avvalida Prezident Shavkat Mirziyoyevning xalqaro muloqot ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatini Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V. Mahmudov o‘qib eshittirdi.
Mazkur formatni tashkil etish tashabbusi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan. Bu taklif ilk bor 2024-yilda ShHTning Ostona shahrida o‘tkazilgan sammitida bildirilgan.
2025-yilda Tyanszinda bo‘lib o‘tgan ShHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashi yig‘ilishida esa Xavfsizlik masalalari bo‘yicha ShHT+ birinchi ekspertlar muloqotini Samarqandda o‘tkazish taklif qilingan edi.
Tadbirda ShHTga a’zo davlatlar, kuzatuvchilar va muloqot bo‘yicha hamkor mamlakatlar maxsus xizmatlari rahbarlari hamda vakillari, xalqaro tashkilotlar vakillari va taklif etilgan mehmonlar ishtirok etmoqda.








