0

“Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro  kinofestivali mehmonlarni kutmoqda

Afsonaviy voqealar qaytmoqda! Bir paytlar Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlarining Toshkent kinofestivali nomi bilan atalgan kinofestival  28 sentyabrdan 3 oktyabrga qadar O‘zbekistonning bir qator shaharlarida asosan, yoshlarning isteʼdodini namoyon etishga qaratilgan, yangi, yorqin va innovatsion formatda o‘tkazilishi kutilmoqda.

“Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro  kinofestivali mehmonlarni kutmoqda

 

 

“Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro  kinofestivalini qayta tiklash g‘oyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga tegishli. Mazkur anjumanni o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror joriy yilning 19 iyun kuni imzolangan.

 

 «Ipak yo‘li durdonasi» - bu xalqaro hamkasblar bilan tajriba almashish uchun  innovatsion maydon, yilning eng muhim madaniy hodisasi bo‘lishi kutilayotgan  muhtasham kino marafonidir. «Ipak yo‘li durdonasi» Toshkent xalqaro kinofestivali “Tinchlik, maʼrifat va taraqqiyot uchun” shiori ostida o‘tadi.

 

“Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro  kinofestivalining ochilish marosimi Toshkent shahridagi rekonstruksiya qilingan Kino saroyida o‘tkaziladi.

 

Uzoq orziqib kutilgan tadbir – “Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro  kinofestivali tantanali ochilish marosimi xalq orasida “Panorama” nomi bilan mashhur bo‘lgan Kino saroyida o‘tkaziladi. Ochilish marosimida milliy va jahon kinosi hamda estradasi yorqin  yulduzlari ishtirok etadi.

 

Ayni paytda kinoteatrda keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari davom etmoqda. Bino eng zamonaviy, yuqori texnologiyali qurilmalar bilan jihozlanadi. Bu yerda yirik kinozal, konferensiya va tadbirlar zali ochiladi. Kinoteatrda Kino tarixi muzeyi ham faoliyat yuritadi. Uning devorlarida o‘zbek kinosi o‘tmishini o‘zida aks ettirgan nodir eksponatlar joy oladi. Muzey ekspozitsiyasidan milliy kinematografiya tarixiga oid eng nodir artefaktlar bilan tanishish mumkin.

 

Taʼkidlash joizki, kapital rekonstruksiya binoning arxitektura yodgorligi sifatidagi tashqi qiyofasini o‘zgartirmaydi. Kinoteatrning original fasadi saqlanib qoladi.

 

"Kino 5 kunda": Toshkent xalqaro kinofestivalida yosh kinoijodkorlar uchun o‘ziga xos dastur rejalashtirilgan.

 

Shuningdek, kinofestival  dasturidan "Kino 5 kunda" tanlovi  ham o‘rin olgan. Ushbu tanlovda dunyoning 22 mamlakatidan kelgan, xalqaro kinofestivallarda sovrinlarni qo‘lga kiritgan yosh rejissyorlar ishtirok etadilar. Ular “Buyuk ipak yo‘li” mavzusida qisqa metrajli filmlarni suratga olishlari mumkin. Yosh rejissyorlar 13 ta yirik shahardagi 30 ta lokatsiyadan foydalanishadi. Bundan tashqari dastur ishtirokchilari o‘z kino tasmalarini “Yangi avlod kinosi” festivali doirasida namoyish qiladilar.

 

Tanlovda Ozarboyjon,  Armaniston,  Belarus, Bolgariya, Germaniya, Hindiston, Eron, Ispaniya, Qozog‘iston, Keniya, Qirg‘iziston, Marokash, Meksika, Rossiya, Tojikiston,  Ukraina, Filippin, Fransiya, Shveysariya, Estoniya, Janubiy Koreya va Yaponiyadan kelgan rejissyorlar ishtirok etadilar.

 

Xalqaro hakamlar hayʼatiga jahon miqyosida shuhrat qozongan sanʼat arboblari, artistlar, olimlar, sanʼatshunoslar, sohaning eng yetuk mutaxassislari jalb qilingan.

 

Xalqaro hakamlar hayʼati aʼzolari va tomoshabinlarning eʼtirofini qozongan yosh kinoijodkorlarni taqdirlash uchun har bir qo‘shimcha nominatsiyaga maxsus mukofotlar qo‘yilgan.

 

Kinofestival doirasida o‘tkaziladigan tanlov g‘oliblari diplomlar, statuetkalar, pul mukofotlari bilan taqdirlanadilar.

 

“5 kunlik kino” dasturida I o‘rin g‘oliblariga  $15 000, II o‘ringa  - $10 000, III o‘ringa  - $7 000 so‘m topshiriladi.

 

Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida 13 mamlakat kinosi kunlari o‘tkaziladi.

 

Kinofestival doirasida  Ozarboyjon, Belarus, Misr, Isroil, Hindiston, Italiya, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Polsha, Rossiya, Tojikiston, Turkiya va O‘zbekiston kinosi kunlari o‘tkaziladi.

 

Dunyo kinosi kunlari butun kinofestival kunlari davomida o‘tkaziladi. 29 sentyabrdan boshlab, mamlakatning barcha kinoteatrlarida filmlar namoyishi boshlanadi. Har bir mamlakat o‘z filmlarini O‘zbekistonning turli hududlari bo‘ylab namoyish etadi.

 

 Jahon kinosi kunlarida namoyish qilish uchun hozirga qadar 150 ta film taqdim etilgan. Ularning asosiy qismi o‘zbek tilida subtitrlar bilan ko‘rsatiladi.

 

Mazkur mamlakatlardan kinofestivalga 150 dan ortiq mashhur kinoijodkorlar kelishi kutilmoqda. Ular orasida rejissyorlar, aktyorlar, prodyuserlar, xalqaro kinofestivallar, tashkilotlar, distribyutor kompaniyalarining vakillari tashrif buyurishadi. Ularning nomlari 22 sentyabr kuni o‘tkaziladigan matbuot anjumanida maʼlum qilinadi. Qolgan qismi kinofestival tashkilotchilari tomonidan sir saqlanmoqda.

 

Taniqli rejissyorlar va aktyorlar ishtirokida ijodiy uchrashuvlar tashkil etiladi.

 

Har bir mamlakat delegatsiyasi uchun alohida lokatsiya – kinoteatr yoki teatr biriktirilgan. 24 sentyabr kuni Dunyo kinosi kunlari dasturi matbuotda eʼlon qilinadi.

 

Toshkent Xalqaro kinofestivali doirasida, 1 oktyabr – o‘qituvchilar va murabbiylar kuni Butunrossiya Davlat kinematografiya institutining Toshkentdagi filiali ochiladi.

 

1 oktyabr kuni Toshkent Xalqaro kinofestivali doirasida S.A.Gerasimov nomidagi Butunrossiya Davlat Kinematografiya instituti (BDKI) ning Toshkent filiali ochiladi.

 

Mazkur tantanali marosim O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi, Rossiya Federatsiyasi Madaniyat vazirligi hamda Butunrossiya Davlat Kinematografiya institutii vakillari ishtirokida o‘tkaziladi.

 

Taʼkidlash lozimki, bu yerda talabalar ikkita mutaxassislik – “dramaturgiya” va  “prodyuserlik” yo‘nalishi bo‘yicha tahsil oladi. Ularning  50%i davlat byudjeti hisobidan o‘qiydi.

 

Kinematografiya agentligi hududida BDKI filiali uchun alohida bino qurib beriladi.

 

Kelgusi yilda Kinematografiya agentligi binosida Yoshlar media-markazini barpo etish ko‘zda tutilgan. Bu yerda talabalar taniqli kinoijodkorlar ishtirokida o‘z ko‘nikma va mahoratlarini oshirishlari mumkin.

 

“Yoshlar uchun Fokus: Toshkent xalqaro kinofestivalida boshlang‘ich kinoijodkorlar uchun yirik taʼlim dasturi rejalashtirilgan.

 

Toshkent Xalqaro kinofestivali doirasida jahonga mashhur kino arboblari tomonidan o‘zbekistonlik  yosh kinoijodkorlar uchun maʼruzalar o‘qiladi, master-klasslar, seminar-treninglar o‘tkaziladi.

 

Shuningdek, bir necha o‘nlab  maʼrifiy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Buning uchun “O‘zbekfilm” hududida maxsus pavilyonlar, qulay lokatsiyalar qurilmoqda, zarur qurilmalar o‘rnatilmoqda.

 

Yoshlarga alohida eʼtibor qaratilayotgan 2021 yil mamlakatimizda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb eʼlon qilinishi bilan bog‘liq.

 

Xalqaro Toshkent kinofestivali doirasida O‘zbekistonda oltita kinoteatr foydalanishga topshiriladi.

 

Kinofestival doirasida Toshkentda va mamlakatimizning boshqa hududlarida oltita kinoteatr foydalanishga topshiriladi.

 

 Jumladan, Toshkentda qayta rekonstruksiyalangan  4 ta zal, 3300 o‘ringa ega bo‘lgan Alisher Navoiy nomidagi Kino saroyi, salkam 2000 o‘rinli  Renaissance Hall kino-konsert zali, Samarqandda 3 ta zal va 450 o‘rinli «Family Park» kinoteatrlar kino ihlosmandlari uchun eshiklarini ochadi.  

 

Buxoroda kapital rekonstruksiyadan keyin ikkita zal va 434 o‘ringa ega bo‘lgan “Buxoro”, ikkita zal 225 o‘rinli  Chinor Cinema, uchta zal va 340 o‘rinli  “Buxoro” SKM (TRS) kinoteatrlari foydalanishga topshiriladi.

 

Xivada esa, Xudoybergan Devonov nomidagi 320 o‘rinli kinoteatr yangilangan qiyofada tomoshabinlarni qarshi oladi.  

 

Milliy  Netflix: Barcha davrlarning o‘zbek kinofilmlari striming platformasi taqdim etiladi.

 

Kinofestivalda multimedia striming platformasining dastlabki talqini – mashhur Netflix platformasining milliy analogi taqdim etiladi. Platforma turli davrlarda O‘zbekiston hududida, shuningdek xorijiy rejissyorlar va aktyorlar ishtirokida  yaratilgan istalgan filmni ko‘rish imkonini beradi.

 

 Filmlarni va multfilmlarni televizor, planshet, telefon, shuningdek WEB brauzer orqali ham ko‘rish mumkin.

 

Barcha filmlar turli toifalar bo‘lingan, qulay qidiruv va namoyishga moslangan  holda joylashtiriladi. Sizga maʼqul bo‘lgan filmlarni “Saralanganlar” bo‘limiga saqlashingiz va qulay vaqtda tomosha qilishingiz mumkin.

 

Ayni paytda platformada WEB  rejimda 100 dan ortiq hujjatli, badiiy va multiplakatsion filmlarni topish mumkin.

 

Toshkent xalqaro kinofestivalida xorijiy mamlakatlar bilan ko-produksiyalar yaratish bo‘yicha bitimlar imzolanishi mumkin.

 

Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida xorijiy kinokompaniyalar  bilan hamkorlikda O‘zbekiston kinematografiya agentligi tomonidan bitimlar imzolanishi kutilmoqda.

 

 Jumladan, Rossiya, Belarus, Turkiya, Eron, Tojikiston, Qozog‘iston kinokompaniyalari bilan shartnomalar imzolash ko‘zda tutilgan.

 

Bundan tashqari festivalda Kinematografiya agentligi va Rossiya kinokompaniyalari bilan hamkorlikda suratga olingan “Quyosh taʼmi”, “Parining sovg‘asi”, “Baron-2” singari kinofilmlar namoyish qilinishi kutilmoqda.

 

Toshkent Xalqaro kinofestivalida dunyoning 10 ta mamlakatida ishlangan hujjatli filmlar suratga olinadi.

 

Sentyabr oyining boshidan Toshkentdagi Adiblar xiyobonida “Xalq yuragi” turkumida O‘zbekiston adabiyotining yetuk namoyandalari hayoti va ijodi haqida hikoya qiluvchi 24 ta hujjatli filmlar tomoshabinlar hukmiga havola qilinmoqda. Namoyishlar Kinematografiya agentligi tashabbusi bilan mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari hamkorligida o‘tkazilmoqda.

 

Bu aksiya Toshkent xalqaro kinofestivalidagi hujjatli filmlar namoyishini boshlab berdi.

 

Kinofestivalda 10 mamlakat kinoijodkorlarining hujjatli kinoasarlari ko‘rsatiladi. Tadbirga butun dunyodan 40 ga yaqin hujjatli kino ustalari tashrif buyuradilar. Ular o‘z filmlarini namoyish etish barobarida, o‘zbekistonlik yosh kinoijodkorlari uchun mahorat darslarini o‘tkazadilar.

 

Toshkent Xalqaro kinofestivali mehmonlari va qatnashchilarini “Milliy kino” blogida qanday voqealar kutmoqda?

 

Milliy kinoga bag‘ishlangan blok doirasida bir qator voqealar kutilmoqda. Kinofestival kunlarida mamlakatning 20 dan ortiq maktabiga O‘zbekistonning mashhur kino arboblari nomi beriladi.

 

Bundan tashqari, O‘zbek milliy kinosi tarixiga bag‘ishlangan bebaho kitob-albomning namoyishi ham o‘tkaziladi.

 

Taniqli o‘zbek kinorejissyori Shuhrat Abbosov qabri ustiga o‘rnatilgan byustning ochilishi marosimi ham ushbu yirik kino bayrami doirasida bo‘lib o‘tadi.

 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi tomonidan Maktabgacha taʼlim vazirligiga Rossiya “Davlat film fondi”dan keltirilgan milliy multfilmlar to‘plami topshiriladi. Mazkur xayriya tadbiri O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati homiyligida amalga oshirilmoqda.

 

Butunjahon jamiyati ko‘magida shuningdek, o‘zbek kinosi tarixiga oid bir qator tarixiy afishalar, milliy kinematografiyamiz durdonalari ko‘rgazmasi ham o‘tkaziladi. Ko‘rgazma asnosida 50 dan ortiq afishalar Toshkent Kino saroyida ochiladigan Kino tarixi muzeyiga topshiriladi.

 

Toshkent Xalqaro kinofestivaliga taniqli multiplakatorlar tashrif buyuradilar

 

Kinofestivalda animatsion kinoga ham alohida eʼtibor qaratiladi. Taniqli multiplakatorlar taʼlim berishi ko‘zda tutilgan O‘zbekiston animatorlar maktabini ochish bo‘yicha ham maxsus aksiya bo‘lib o‘tadi.

 

Bundan tashqari, O‘zbekiston imkoniyati cheklangan bolalar uchun multfilmlar ishlab chiqarish xalqaro  loyihasida ham ishtirok etadi.

 

Toshkent Xalqaro kinofestivalida butun dunyodan bolalar va kattalar uchun  mashhur multfilmlarni suratga olgan taniqli animatorlar kelishi ham kutilmoqda.

 

Kinofestivalning yopilishi

 

“Buyuk ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivalining yopilish marosimi 2000 kishiga mo‘ljallangan, mashhur Renaissance Hall kino-konsert zalining tantanali ochilish marosimiga ulanib ketadi.

 

Toshkent xalqaro kinofestivalining hal qiluvchi tadbiri – yopilish marosimi ham aynan shu yerda bo‘lib o‘tadi.

 

Tadbir noanʼanaviy shaklda, yoshlarbop, boshlang‘ich kinoijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash ruhida o‘tkaziladi.

 

Yopilish marosida "Kino 5 kunda" dasturi g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham o‘tkaziladi. G‘oliblarga mukofotlar jahon kinosining mashhur namoyandalari tomonidan topshiriladi.

custom img

Bokuda “OIC Madaniy Festivali: Baku Creative Week – 2025” ning rasmiy ochilish marosimi bo'lib o'tmoqda

Tadbirda 50 dan ortiq davlat delegatsiyalari, jumladan, O‘zbekiston vakillari ishtirok etmoqda.

custom img

O‘zbekiston Jenevada ekologik baholash bo‘yicha xalqaro yig‘ilishda ishtirok etmoqda

Xalqaro muzokaralarda O‘zbekiston ekologik islohotlar, SEB va AMTB bo‘yicha yangi mexanizmlarni joriy etish, shuningdek ekologik jarayonlarda sun’iy intellektdan foydalanish masalalarini muhokama qilmoqda.

custom img

Rossiya–O‘zbekiston hamkorligida yangi bosqich: “O‘zmetkombinat” va PNIPU o‘rtasida muhandislik ta’limi bo‘yicha memorandum imzolandi

Memorandum doirasida “O‘zmetkombinat” xodimlari uchun 500 ta maxsus grant ajratilishi belgilandi.

custom img

OAV erkinligi demokratiyaning ustuni — Timoti Smart

Zamon.uz muxbiri Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisidan mamlakatdagi jurnalistlar va so‘z erkinligi haqidagi fikrlariga qiziqdi.

custom img

Rossiya olimlari Sibir daryolarini O‘zbekistonga yo‘naltirish imkoniyatlarini o‘rganmoqda

Qiymati 100 milliard dollardan oshishi mumkin bo‘lgan loyiha yettita yirik quvur liniyasini o‘z ichiga oladi.

custom img

Markaziy Osiyoda bolalar o‘limi bo‘yicha yetakchi davlat aniqlandi

Mintaqadagi aksariyat davlatlarda o‘g‘il bolalar o‘limi qizlarga nisbatan yuqori bo‘lib qolmoqda.

custom img

O'zbekiston "Qiyomat kuni ombori"ga 20 dan ortiq ekin urug'ini topshirdi

Butunjahon urugʻ ombori tabiiy ofatlar, global mojarolar, moliyaviy inqirozlar yoki texnologik nosozliklar kabi global tahdidlar ostida ham oʻsimlik turlarining yoʻqolib ketish xavfini minimallashtiradigan muhim xalqaro tashabbus hisoblanadi.

custom img

Samarqandda YUNESKO Milliy komissiyalarining 12-yillik yig‘ilishi boshlandi

Kun tartibida 4 asosiy yo‘nalishdagi masalalar ko‘rib chiqiladi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"

“Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro  kinofestivali mehmonlarni kutmoqda