Toshkentda havo sifati yaxshilanadi: 20-noyabr tongida “yashil” daraja bo‘ladi
Bunga tunda shamol kuchayishi va havo almashinuvi yaxshilanishi sabab bo‘lishi kutilmoqda.

20-noyabrga o‘tar kechasi Toshkentda atmosfera havosi sifati dastlab yomonlashishi, keyinchalik esa yaxshilanishi mumkin.
Kechki soatlarda xalqaro havo sifati indeksi (AQI) bo‘yicha ko‘rsatkich “sezgir guruhlar uchun nosog‘lom”, milliy indeks bo‘yicha esa “sariq” darajada bo‘lishi mumkin. Soat 23:00 dan keyin havo sifati yaxshilanib, tegishli ko‘rsatkichlar xalqaro indeks bo‘yicha “o‘rtacha”, milliy indeks bo‘yicha “yashil” darajaga yetishi kutilmoqda.
Prognozlarga ko‘ra, kechki soatlarda haroratning pasayishi va harorat inversiyasi PM zarrachalarining tarqalishini cheklaydi. Tunda shamol kuchayishi natijasida havo almashinuvi yaxshilanib, havodagi PM zarrachalari miqdori kamayishi mumkin.
Shu tariqa, 20-noyabr kuni ertalab Toshkentda havo sifati xalqaro AQI bo‘yicha “o‘rtacha”, milliy indeks bo‘yicha “yashil” darajada bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Atmosfera havosi sifati Maxsus komissiya tomonidan doimiy monitoring qilinmoqda.








