Tramp, Si Szinpin va Putin uchrashdi: “Tinchlik deklaratsiyasi” qabul qilindi
Yetakchilar yadroviy xavflarni kamaytirish bo‘yicha muloqot qilishga kelishdi. Biroq yadroviy arsenalni qisqartirish yuzasidan aniq majburiyatlar belgilanmadi.

Xitoy raisi Si Szinpin, AQSH prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin 19-noyabr kuni Xitoyning Shenchjen shahrida o‘tkazilgan uch tomonlama uchrashuv yakunida “tinchlik deklaratsiyasi”ni qabul qildi. Hujjatda yadro urushi hech qachon boshlanmasligi kerakligi ta’kidlangan, biroq yadroviy qurollarni qisqartirish bo‘yicha aniq majburiyatlar belgilanmagan.
Dunyoning yadroviy salohiyati eng yuqori bo‘lgan uch davlati rahbarlari yadroviy xavflarni kamaytirish va yadro qurolining tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha muloqot olib borishga kelishib oldi. Biroq bu borada aniq muddat belgilanmadi.
Deklaratsiyada, shuningdek, BMTni isloh qilish, barcha mamlakatlarga yoqilg‘i mahsulotlari yetkazib berishni ko‘paytirish va davlat mansabdor shaxslarining xalqaro sudlardagi daxlsizligini himoya qilish masalalari ham o‘rin olgan.
Shu bilan birga, hujjatda Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi va Eron bilan bog‘liq mojaro tilga olinmagan. Putin sammit yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida deklaratsiyada ulkan maqsadlar belgilanmaganini va hech kim uning qarorlarini bajarishga majburlanmasligini aytgan.
Londondagi Qirollik Birlashgan Xizmatlar instituti xalqaro aloqalar bo‘yicha direktori Jonatan Eyalning fikricha, sammitning e’tiborga molik jihatlaridan biri xalqaro me’yorlar va sudlarga nisbatan bildirilgan munosabat bo‘lgan. Uning ta’kidlashicha, uchrashuv Putin uchun xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlash imkonini bergan, Tramp esa siyosiy jihatdan zarur bo‘lmagan suratga tushish imkoniyatiga ega bo‘lgan.
Uch davlat rahbarlari uchrashuvni tarixiy deb atadi. Tramp muloqot qilish imkoniyatlaridan voz kechish orqali tinchlikka erishib bo‘lmasligini ta’kidlagan. Si Szinpin esa yirik davlatlar hamjihatlikda yashasa, dunyoda tinchlik hukm surishi, ular o‘zaro to‘qnashsa, dunyo notinchlikka yuz tutishini aytgan.
Reuters xabariga ko‘ra, sammit Trampning Osiyo bo‘ylab uch kunlik diplomatik safari yakunida o‘tkazilgan. Safar davomida bir qator uchrashuvlar bo‘lib o‘tganiga qaramay, amaliy natijalar ko‘p bo‘lmagan.







