Jamiyat

Daraxtning tanasi eʼlon yoki reklama qoqiladigan joy...mi?

Chilonzor tumanining Muqimiy ko‘chasi men uchun qadrdon. Har kuni ertalab shu ko‘cha bo‘ylab sayr qilaman. Ishga borib-kelaman. Ayniqsa, manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazilganidan so‘ng ko‘cha yana-da chiroy ochdi.

Daraxtning tanasi eʼlon yoki reklama qoqiladigan joy...mi?

 

 

Yaqinda yo‘l chetida endi ko‘kka bo‘y cho‘zayotgan pavloniya daraxtiga ilingan oppoq qog‘ozga ko‘zim tushdi. Unga nima yozilgan ekan, deb qiziqdim. Xayolimga dastlab daraxt haqida maʼlumot yozilgan bo‘lsa kerak, degan fikr keldi. Biroq... Ne ko‘z bilan ko‘rayki, yoshgina nihol tanasiga poytaxtimizdagi mashhur o‘quv markazlaridan birining eʼloni yopishtirilgan ekan. Bu ham yetmaganidek, eʼlonni yosh daraxt tanasiga “stepler” yordamida qoqib ketishibdi. Eʼlonda yozilgan raqamga qo‘ng‘iroq qildim.

 

 

Telefonni ko‘targan yigit (o‘zini tanishtirishni istamadi) eʼlon haqiqatdan ham  o‘quv markaziga tegishli ekanini, lekin u reklama agentligi tomonidan tarqatilganini aytdi. Qaysi reklama agentligi, degan savolimizga javob berishni istamadi. Biroq suhbat davomida u “tilidan ilindi”. Bu eʼlonlarni tarqatish uchun tashkilot tomonidan yo‘l xaritasi belgilangani, reklamalarni tarqatish uchun talabalar (shartnomasiz) ishga qabul qilinganini oshkor qildi.

 

Ma'lumot o'rnida, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, tashqi reklamani moddiy madaniy meros obyektlarida, yo‘l belgilari va svetoforlar, ularning tirgaklari yoki harakatni tartibga solib turuvchi boshqa har qanday qurilmalarda, shuningdek, dov-daraxtlarni payhon qilish va tutash hududdagi obodonlashtirish vositalarini buzish yo‘li bilan joylashtirish taqiqlanadi.

 

Madomiki shunday ekan, mutasaddi idoralar bunday holatlarga qarshi bot-bot chora-tadbilar ko‘rishlari talab etiladi, aks holda tabiatga katta zarar yetishi mumkin.

 

 

Munojat Valiyeva

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"