O‘zbekiston va Rossiya bosh prokurorlari o‘rtasida memorandum imzolandi
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura binosida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev Rossiya Federatsiyasi Bosh prokurori Igor Krasnov bilan uchrashgan.


Uchrashuvda Nig‘matilla Yo‘ldoshev O‘zbekiston va Rossiya Bosh prokuraturalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari serqirra va dinamik tavsifga egaligini qayd etdi.
Shuningdek, Rossiya delegatsiyasi vakillariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatimiz hayotining barcha jabhalari, xususan, sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda O‘zbekiston prokuratura organlarining faoliyat yo‘nalishlari haqida maʼlumot berildi.
Uchrashuvda huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, korrupsiyaga qarshi kurash sohalarida tajriba almashish, prokuratura organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish sohalarida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini mustahkamlash masalalari muhokama etildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi o‘rtasida ilm-fan va taʼlim sohalarida hamkorlik to‘g‘risida Memorandum hamda 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan idoralararo hamkorlik Dasturi imzolandi.

Ushbu hujjatlarning amalda tatbiq etilishi huquqiy sohada axborot va ilg‘or tajriba almashish orqali ikki tomonlama sheriklikni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Tadbir yakunida Nig‘matilla Yo‘ldoshev Igor Krasnovga hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorchilik izhor qildi va “O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasining faxriy xodimi” ko‘krak nishoni bilan taqdirladi.
Аvvalroq Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida imzolangan memorandum muhojirlikdagi bolalar huquqlarini himoya qilishi hamda Farg‘ona viloyati delegatsiyasining Qirg‘izistonga safari davomida ikki tomon o‘rtasida o‘ndan ortiq shartnoma imzolangani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







