"Amazon" yangi uy robotini taqdim etdi
"Amazon" g‘ayrioddiy uy xizmatchisini taqdim etdi. Bu haqda “Spot.uz” “Wired.com” saytiga tayanib xabar berdi.


Unda aytilishicha, robotning ismi “Astro”. U uy roboti bo‘lib, odamlar kutganidan ham ko‘p narsalarni qila oladi. Misol uchun, ob-havo maʼlumotlarini ko‘rsatishi, savollarga javob berishi, hatto, musiqa kuylashi, shuningdek, video qo‘ng‘iroqlarni amalga oshira oladi. Uyda hech kim qolmaganda robot hamma narsa tartibli bo‘lishiga ishonch hosil qilish uchun xonalarni aylanib chiqadi.
U xonalar bo‘ylab harakatlanish va egasining buyruqlariga amal qilish uchun qavat rejasini tuzadi. Qurilma yuzlarni tanib olish va obyektlarni maʼlum bir kishiga yetkazish imkoniyatiga ham ega.

“Astro”da “qo‘llar” yoki boshqa shunga o‘xshash manipulyatorlar yo‘q. Shu sababli robot pollarni yuvish, zinadan ko‘tarilish va uydan tashqariga chiqish imkoniyatiga ega emas. Uy egasi undan uy tozalash va do‘konga borish kabi ishlarni bajarishni talab qila olmaydi.
Robotning balandligi taxminan 61 sm, vazni esa 9 kg. G‘ildiraklarining diametri 30,5 sm bo‘lib, bu pol va gilam ustida qiynalmay harakat qilishiga yordam beradi. Orqa tarafidagi bitta g‘ildirak esa robot muvozanatini saqlashga ko‘maklashadi.
“Astro” 1 m/s. tezlikda harakatlanadi. Shuningdek, 360 gradusda istalgan tomonga bemalol burila oladi.
Old panelda sensorlar to‘plami va video qo‘ng‘iroqlar uchun 5 megapikselli kamera mavjud. Ekranda ko‘zlarga taqlid qilingan ikkita aylana mavjud. Bu “ko‘zlar” uy egasi “Astro” nima qilayotgani va qayerga borishni rejalashtirayotgani haqida xabar beradi.
U 12 megapikselli periskopli kamera bilan jihozlangan bo‘lib, smartfon orqali har bir xonadagi harakatini belgilash va sozlash mumkin.
Smart robot 106 sm. balandlikgacha ko‘tarila oladi. Uning orqa tomonida kichik bagaj maydoni mavjud bo‘lib, uy egasi unga 2 kg. gacha yuk joylay oladi. Shu bilan birga, bagaj maydoni smartfonlarni zaryadlash yoki robotga qo‘shimcha aksessuarlarni ulash imkonini beruvchi USB-C porti bilan ham jihozlangan.
Robot changyutgichga o‘xshash zaryadlash moslamasiga ega. Batareyani to‘liq zaryad qilish uchun taxminan 45 daqiqa vaqt ketadi. Shu quvvat bilan robot ikki soatgacha uzluksiz ishlashi mumkin.

Mazkur robotning narxi hozircha $999,99 deb ko‘rsatilgan. Kompaniya kelgusida uning narxini biroz oshirishni ko‘zlayotganini ham maʼlum qildi.
Bundan avval dunyodagi eng arzon elektromobil sotuvga chiqqani, ko‘chalarni tozalovchi robot sinovdan o‘tkazilgani hamda “Tesla” kompaniyasi robot-gumanoid ustida ishlayotgani haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev







