Shavkat Mirziyoyev Si Szinpinni XXR tashkil topgan kun munosabati bilan tabrikladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga milliy bayram - XXR tashkil topgan kun munosabati bilan tabrik yo‘lladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.


Mustaham sog‘lik, oilaviy baxt va katta muvaffaqiyatlar, do‘st Xitoy xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilagani qayd etilgan.
“Xitoyning global xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash, yangi tahdid va xatarlarga, shu jumladan iqlim o‘zgarishi va COVID-19 pandemiyasiga qarshi samarali kurashishdagi faol saʼy-harakatlari va salmoqli hissasi eng yuksak eʼtirofga munosib.
Keyingi yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, ishonch va qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga asoslangan do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etmoqchiman.
O‘rtamizdagi do‘stona, o‘zaro ishonchga asoslangan mustahkam shaxsiy munosabatlarimizni chin dildan eʼzozlayman. Sizning ko‘p qirrali O‘zbekiston-Xitoy hamkorligiga qaratayotgan alohida eʼtiboringizni yuksak qadrlayman.
Ishonchim komil, Sizning bo‘lajak davlat tashrifingiz va Shanxay hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi sammitida ishtirokingiz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng ko‘lamli sheriklikni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi”, - deyiladi maktubda.
Avvalroq davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning telefon orqali muloqoti, Qozog‘istonning birinchi prezidenti — elboshi Nursulton Nazarboyevni 81 yoshi bilan tabriklagani hamda Shavkat Mirziyoyev Jahon banki vitse-prezidenti Anna Byerde boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgani haqida xabar berilgandi.







