Tabiiy gaz uchun to‘lovlar onlayn tizimga o‘tkazilmoqda
“Hududgaztaʼminot” AJ barcha isteʼmolchilarga qulaylik yaratish maqsadida, foydalanilgan tabiiy gaz uchun to‘lovlarni onlayn tizimiga o‘tkazmoqda. Bu haqda aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati maʼlum qildi.


Maʼlum qilinishicha, gaz uchun to‘lovlarni uydan chiqmagan holda “Payme”, “Oson”, “Click”, “Paynet” mobil to‘lov tizimlari orqali, shuningdek, joylardagi tijorat banklarining to‘lovlarni qabul qilish punktlari va ko‘plab mahallalarda faoliyat yuritayotgan “Paynet” shoxobchalari orqali amalga oshirish imkoniyati mavjud.
“Shuning uchun, isteʼmolchilar to‘lovni amalga oshirishda gaz taʼminoti tashkilotlariga borib, qimmatli vaqtlarini ketkazishga hojat yo‘qligi maʼlum qilinib, yaratilgan imkoniyatlardan keng foydalanish tavsiya etiladi”, - deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, faoliyat olib borayotgan shaxobchalar va mobil ilovalar orqali ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni “Hududgaztaʼminot” AJ o‘z zimmasiga olgan bo‘lib, ushbu jarayon barcha to‘lov tizimlari bilan tegishli shartnomalar asosida amalga oshirilmoqda. Aholi tomonidan amalga oshirilayotgan to‘lovlar ortiqcha foizlarsiz qabul qilinadi.
Avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev isteʼmolchilarni neft va gaz resurslari bilan barqaror taʼminlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgani, strategik tashkilotlarga gaz uchun oshirilgan koeffitsiyent bekor qilingani hamda tabiiy gaz endi ogohlantirishsiz o‘chirilmasligi haqida xabar berilgandi.







