Jamiyat

"Qadring baland bo‘lsin, ona tilim" xalqaro ko‘rik-tanlovida britaniyalik Tomas Velsford g‘olib bo‘ldi

Til – davlat timsoli, millatning madaniy va maʼnaviy boyligi, xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir. Xabaringiz bor, 1989-yilning 21-oktabr kuni O‘zbekistonda davlat tilining huquqiy asoslarini belgilash bo‘yicha “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan va 21-oktabr sanasi O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilangan.

"Qadring baland bo‘lsin, ona tilim" xalqaro ko‘rik-tanlovida britaniyalik Tomas Velsford g‘olib bo‘ldi

 

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 32 yil to‘lishi munosabati bilan nafaqat butun respublika bo‘yicha, balki xorij davlatlarida ham qator madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.

 

Xususan, Buyuk Britaniyada o‘zbek tili, madaniyati va tarixini keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib qilish maqsadida Oksford universiteti tadqiqotchisi, tarix fanidan maʼruzachi Tomas Velsford bilan uchrashuv o‘tkazildi. 

 

“Dunyo” axborot agentligining xabar berishicha, o‘zbek tilini puxta o‘rgangan britaniyalik olim Tomas Velsford 2020-yil oktabr oyida O‘zbekistonning davlat tili kuni munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan o‘tkazilgan "Qadring baland bo‘lsin, ona tilim" xalqaro ko‘rik-tanlovida faol qatnashib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

 

Qayd etilishicha, O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Said Rustamov Davlat tilini rivojlantirish departamentining Faxriy yorlig‘i hamda 5 jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” va “Davlat tilida ish yuritish” kitoblarini britaniyalik tadqiqotchiga taqdim etdi.

 

 

Tomas Velsford ushbu yuksak eʼtirof uchun minnatdorlik bildirdi. U O‘zbekiston Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijasida 2012-yilda chop etilgan, Samarqanddagi Tarix, arxeologiya va sanʼat muzeyida saqlanayotgan arab grafikasidagi qo‘lyozmalar jamlangan "A Catalogue of Arabic-Script Documents from the Samarkand Museum" kitobini topshirdi.

 

Britaniyalik tadqiqotchi 2010-yildan buyon O‘zbekiston tadqiqot markazlari, xususan, Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston milliy universiteti, Samarqanddagi Tarix, arxeologiya va sanʼat muzeyi bilan ilmiy hamkorlik qilib kelmoqda.

 

Taʼkidlanishicha, muloqot chog‘ida Tomas Velsford 2022-yilda O‘zbekistonga borish niyatini maʼlum qilgan. Mazkur ilmiy safar davomida u O‘zbekiston tarixiga oid tadqiqotlar olib borish hamda qator universitetlarda, jumladan, Samarqand davlat universitetida tarix fanidan maʼruzalar o‘qishni rejalashtirmoqda.

 

Avvalroq vazirlik va qo‘mitalarning aloqa operatorlari asosan rusiy zabonda so‘zlashi hamda ayrim harflarimiz ijtimoiy tarmoqlarda, o‘zaro suhbatlarda ishlatilmayotgani haqida maqola berilgandi.