Har bir nomzodning o‘z yo‘li bor – Shavkat Mirziyoyev
Har bir partiyaning, har bir nomzodning o‘z yo‘li, o‘z dasturi bor. Bu haqda O‘zLiDePdan ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyev maʼlum qildi.


“Partiyalar o‘rtasida raqobat ketyapti. Chunki bizda ko‘p partiyalilik shakllandi. Har bir partiyaning, har bir nomzodning o‘z yo‘li, o‘z dasturi bor. Agar xalqimizga manfaat keltirsa, ularning rejalarini ham o‘rganishimiz kerak. Chunki ular ham shu vatan taraqqiyoti uchun harakat qilishyapti, deb o‘ylayman", – dedi Shavkat Mirziyoyev
Shuningdek, prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyati taraqqiyoti borasida ham to‘xtalib o‘tdi.
“Sirdaryo deganda ko‘pchiligimizning ko‘z o‘ngimizda cho‘l namoyon bo‘ladi. Endi Sirdaryoning cho‘l ekanligini unutishimiz kerak. Bu unumdor zaminda hosildorlikni oshirishimiz, hududni amalda haqiqiy gulistonga aylantirishimiz zarur. Men qo‘shni Jizzaxda hokimlik qilganimda ham, 14 yillik bosh vazirligimda ham bu viloyatdagi holatdan xabardor bo‘lganman. Yaʼni Sirdaryoni menchalik biladiganlar kam. Endi sizlar bilan viloyat taraqqiyoti uchun nimalar qilish haqida ochiq gaplashib olsak, yig‘ilishimizni shu ruhda o‘tkazsak juda yaxshi bo‘lardi. Ortiqcha qarsakbozlikka hojat yo‘q, bu kechagi kun”, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.
Avvalroq O‘zLiDePdan ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo tumanidagi sanoat zonasida partiya faollari, yoshlar va OAV vakillari bilan uchrashgani haqida xabar berilgandi.







