“O‘zbekneftgaz”ga tegishli uskunani 25 ming dollarga sotishga uringan sobiq xodim ushlandi
Qashqadaryoda Buxoro viloyatining Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga tegishli bo‘lgan uskunani sotishga uringan sobiq sex boshlig‘i va uning sherigi qo‘lga olindi. Bu haqda “NasafNews” xabar berdi.


Maʼlum qilinishicha, 16-sentabr kuni DXX viloyat boshqarmasi va departamentning Muborak tuman bo‘limi hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida “O‘zbekneftgaz” AJga qarashli Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga tegishli bo‘lgan 1 dona "favvora armaturasi"ni boshqarmaning sobiq sex boshlig‘i S.G. va Muborak gazni qayta ishlash zavodida ishlovchi K.Sh. noqonuniy ravishda sotishga uringani aniqlangan. Ular kelishilgan puldan 19 ming dollarni Muborak tumani “Do‘stlik” mahallasida olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Qayd etilishicha, olib borilgan surishtiruvlar davomida S.G. noqonuniy ravishda Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida ishlovchi mansabdor shaxslar bilan o‘zaro kelishgan holda 4 dona 1 milliard 56 million so‘mlik "favvora armatura"sini o‘zlashtirib yuborgani maʼlum bo‘lgan.
Hozirda S.G. va K.Sh. hamda Gazli neft va gazni qazib chiqarish boshqarmasi mansabdor shaxslarining noqonuniy hatti-harakatlariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq 10 ming AQSH dollar evaziga uy-joy qurish uchun yer olib bermoqchi bo‘lgan shaxs ushlangani, Buxoroda hokimlik zaxirasidagi yerni 8 000 AQSH dollarga sotmoqchi bo‘lgan fuqaro qo‘lga olingani, Bo‘stonliq tumanida 5 gektar yerni 150 ming AQSH dollarga olib berishni vaʼda qilgan shaxs aniqlangani hamda DXX tomonidan noqonuniy yer sotish holatlarining oldi olingani haqida xabar berilgandi.







