Prezident MDH doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yana-da kengaytirish tashabbusini ilgari surdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 oktyabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining videoanjuman shaklida o‘tgan yubiley majlisida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.


Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko raisligida o‘tgan sammit ishida Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Moldova Respublikasi Bosh vaziri Natalya Gavrilitsa, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev ham qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq delegatsiyalar rahbarlari tashkilot faoliyatining 30 yillik davrida ko‘p tomonlama hamkorlikning rivojlanishi va erishilgan yutuqlar yuzasidan fikr almashildi. Iqtisodiy, huquqiy va madaniy-gumanitar sohalarda, shuningdek, mintaqadagi xavfsizlik va barqarorlikka tahdid solayotgan zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi kurashishdagi hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqishdi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida MDH doirasidagi sheriklikni mustahkamlashning muhim yo‘nalishlari yuzasidan nuqtai-nazarini bayon qildi.

Hamdo‘stlik mamlakatlarida barqaror iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlash muhim ekani alohida taʼkidlandi.
Pandemiya oqibatlari o‘z taʼsirini ko‘rsatayotgan bugungi sharoitda savdo-iqtisodiy sheriklikda ijobiy surʼat saqlanib qolmoqda. Jumladan, joriy yil boshida O‘zbekistonning MDHdagi hamkorlari bilan ikki tomonlama savdosi hajmi qariyb o‘ttiz foizdan ziyod oshdi. Ayni paytda tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari ham miqdor, ham sifat jihatidan ortib bormoqda.
Shu bilan bir qatorda Hamdo‘stlik makonida erkin savdo hududining istisnolik va cheklovlarsiz, to‘laqonli faoliyat yuritishi zarurligi qayd etildi. Shu munosabat bilan kompleks tahlil asosida birlashma doirasidagi savdo siyosatini yana-da liberallashtirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish taklif etildi.
Qo‘shma loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va biznesning uzoq muddatli loyihalarini amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti sanoat kooperatsiyasini rivojloantirishni MDH makonining 2022 yilgi iqtisodiy kun tartibining muhim masalasi sifatida belgilashni taklif qildi.
Bugungi kunda O‘zbekiston tashabbusi bilan hamkorlik bo‘yicha tegishli uzoq muddatli dastur tayyorlanmoqda. Kelgusi yilda mamlakatimizda Hamdo‘stlikda sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha forum va ko‘rgazma o‘tkaziladi.
Davlatimiz rahbari samarali mintaqalararo va transqitʼaviy transport yo‘laklari tizimini, shu jumladan yuk tashish tariflarini pasaytirish va tartibotlarini soddalashtirish orqali yana-da rivojlantirish zaruriyatiga alohida eʼtibor qaratdi.
O‘zbekiston qo‘shma innovatsion dasturlarni faol ilgari surish va yosh tadbirkorlarni jalb qilgan holda startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlashning ham tarafdoridir. Hamdo‘stlik mamlakatlarining texnologik va IT-parklari o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha dastur ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi.
MDH Iqtisodiy kengashi faoliyatiga mamlakatlarning ishbilarmon doiralari va hududlari vakillarini jalb qilish orqali kengash faoliyatini kuchaytirish muhim ekani taʼkidlandi.
Bundan tashqari, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va “yashil” kun tartibini ilgari surish, biologik xavfsizlikni taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarni birlashtirish, mehnat bozorini takomillashtirish, o‘zaro sayyohlar oqimini qayta tiklash va madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Afg‘onistondagi vaziyat to‘g‘risida so‘z yuritar ekan, O‘zbekiston Prezidenti afg‘on xalqiga insonparvarlik va iqtisodiy yordamni davom ettirish maqsadga muvofiq ekanini taʼkidladi.
Ayni paytda terrorizm va narkotrafikka qarshi kurashish borasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbarini so‘zining yakunida O‘zbekiston MDH mamlakatlari xalqlarining farovonligi yo‘lidagi sheriklikda aniq natijalarga erishish maqsadida konstruktiv muloqotni davom ettirish va yaqindan hamkorlik qilishda qatʼiy ekanini tasdiqladi.
Sammit yakunida tashkilotning 30 yilligi munosabati bilan bayonot, biologik xavfsizlikni taʼminlash, migratsiya sohalarida hamkorlik to‘g‘risida bayonotlar, Oliy sudlar vakillarining kengashini tuzish to‘g‘risida bitim hamda ko‘p tomonlama hamkorlikning turli yo‘nalishlariga doir boshqa qator muhim hujjatlar qabul qilindi.
Avvalroq davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston raisligida o‘tkaziladigan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdan tashqari majlisida kuzatuvchi maqomida nutq so‘zlashi haqida xabar berilgandi.







