Jamiyat

“Yangi O‘zbekiston” universitetining taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Prezident tashabbusi bilan yurtimizda oliy o‘quv muassasalari soni yana bittaga ko‘paydi: “Yangi O‘zbekiston” universiteti tashkil etildi.  O‘qishga kirish imtihonlari 2021-yilning sentabr oyida o‘tkazildi.

“Yangi O‘zbekiston” universitetining taqdimoti bo‘lib o‘tdi

 

Bugun Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida ushbu universitetning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

 

Tadbirda taʼkidlanganidek, “Yangi O‘zbekiston” universitetiga kirish imtihoni shu yilning 6-sentabr kuni “Cambridge Assessment” tashkiloti bilan hamkorlikda bo‘lib o‘tdi. Unda saralash bosqichidan muvafaqqiyatli o‘tgan 1213 nafar nomzod ishtirok etdi. Imtihonlarning 1-bosqichi – saralash jarayonida  6000 dan ortiq talabgorlar ro‘yxatdan o‘tdi.

 

Universitetga 2021-2022 o‘quv yilida quyidagi yo‘nalishlarga qabul bo‘lib o‘tdi:

 

—  Mexanika muhandisligi;

—  Kimyo muhandisligi;

—  Dasturiy taʼminot muhandisligi.

Imtihon natijalariga ko‘ra,  200 nafar talaba o‘qishga  qabul qilindi.

 

 “Yangi O‘zbekiston” universiteti “Dunyoning eng yaxshi 100 universitetlari” reytingida 1-o‘rinda turadigan  “Massachusetts” texnologiya instituti bilan hamkorlik qiladi.

 

 Shu bilan birga, universitetga mahalliy mutaxassislar bilan bir qatorda xorijiy pedagog-kadrlar ham jalb etilgan.  Oliygohdagi barcha 10 ta fundamental fanlar bo‘yicha ilmiy dasturlarni ishlab chiqish va o‘quv jarayoniga tadbiq qilishda “TUM International” bilan hamkorlik olib borilishi ko‘zda tutilgan.

 

 Universitetning ilk talabalaridan biri Zarshidjon Nasimov shunday deydi:

 

— Men qizziqan sohamda har doim 10 qadam oldinda bo‘lishni xohlayman. Shu sababli yangi universitetning muhandislik yo‘nalishiga  hujjat topshirdim va yuqori ball bilan o‘qishga qabul qilindim. Kelajakda universitet nomi kabi  yangi va yuqori marralarni egallaydigan kadr bo‘lib yetishishga harakat qilaman.

 

Yangi taʼlim muassasasiga misrlik professor Islam Elhadarey “Dasturiy taʼminot” fakultetiga katta o‘qituvchi sifatida taklif etilgan. U  ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:

 

— Buni dunyodagi eng yaxshi loyihalardan biri, deb hisoblayman. Professorlar jamoasi, talabalar bilimi va kayfiyati —  barchasi yuqori darajada.  Bu universitet yangi avlodga yangicha taʼlim-tarbiya bera olishiga ishonaman. O'ylaymanki, ular yangi O‘zbekistonni qurishda o‘zlarining munosib hissasini qo‘shadi.

 

 Taqdimot doirasida davra suhbati tashkil etildi. O‘quv binosi va talabalar turar-joyi bo‘ylab press-tur uyushtirildi.

 

Press-turda universitetda ilk o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan yangi qabul qilingan talabalar ishtirokida bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar, fan o‘qituvchilari, dars jadvallari, baholash mezoni haqida taqdimotlar bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” taʼlim portali (Intranet) ishga tushgani aytildi.

 

Eslatib o‘tamiz, bundan avval suniʼiy intellektni rivojlantirish ilmiy tadqiqot instituti tashkil etilishi va Farmatsevtika texnik universiteti tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.

 

Cho‘lponoy Ahmedova

“Yangi O‘zbekiston” universitetining taqdimoti bo‘lib o‘tdi | Zamon.uz