Jamiyat

Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartish kiritildi

Bugun Senatda Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartish kiritish masalasi ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining Axborot xizmati xabar berdi.

Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartish kiritildi

 

2021-yil uchun Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunga davlat maqsadli jamg‘armalari hamda respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdorlari bo‘yicha o‘zgartish kiritilmoqda.

 

Qonunga ko‘ra, investisiya dasturlariga 6,0 trln. so‘m, ayrim muassasalarga kiritilgan qo‘shimcha shtat birliklarini moliyalashtirish uchun esa 1,4 trln. so‘m miqdorida mablag‘lar ajratilmoqda. Shuningdek, mudofaa va huquqni muhofaza qiluvchi organlarni saqlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash xarajatlariga ham 1,4 trln. so‘m berish belgilanmoqda.

 

Bundan tashqari, joriy yilda koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari uchun rejalashtirilgan 3,0 trln. so‘m mablag‘ to‘liq ishlatilganligi sababli qo‘shimcha mablag‘ zaxirasini yaratishga 1,3 trln. so‘m ajratiladi.

 

Qonunda davlat-xususiy sherikligi asosida maktabgacha taʼlim muassasalarini tashkil etish uchun imtiyozli kreditlar berish ham yana-da qulaylashtiriladi. Qolaversa, bolalar qamrovi ortganligi sababli 1,1 trln. so‘m qo‘shimcha subsidiya ajratish ham rejalashtirilgan.

 

Qonunga kiritilgan qo‘shimchalarga binoan, “Yangi Andijon” shaharchasini barpo etish va Andijon viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirishga ham 1,3 trln. so‘m mablag‘ yo‘naltirish nazarda tutilgan.

 

Qonunda ushbu qo‘shimcha xarajatlarni qoplash manbalari ham belgilab berilgan.Avvalroq 25 yoshdan oshmagan xodimlar uchun ijtimoiy soliq summasi davlat byudjetidan qoplanishi, 2021 yil uchun davlat byudjetiga o‘zgartirishlar kiritilgani hamda Senat tomonidan joriy yil uchun davlat byudjeti xarajatlariga oid hujjat tasdiqlangani haqida xabar berilgandi.

 

Olamgir Abdiyev

Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartish kiritildi | Zamon.uz