"Uy sharoitida baliq boqishni ko‘paytirish kerak" — Shavkat Mirziyoyev
Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi "Gold Fish agro" baliqchilik klasteri faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.


Jizzax viloyatida 220 dan ortiq baliqchilik xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda. Ularda yil yakuni bilan jami 23 ming tonna baliq yetishtirish mo‘ljallanmoqda.
Bu yil ularning safiga "Gold Fish agro" masʼuliyati cheklangan jamiyati ham qo‘shildi. Qiymati 30 milliard so‘mlik ushbu loyiha uvildiriqlarni tayyorlashdan tortib, baliq yetishtirish, qayta ishlash, yem ishlab chiqarishni qamrab olgan.
Klaster maydoni 43 gektar bo‘lib, shundan 4 gektarida intensiv va yarim intensiv usulda baliq yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Sunʼiy hovuzlarda Xitoy texnologiyasi o‘rnatilgan. Bu doimiy suv talab qilmaydi, balki o‘zidagi suvni qayta aylantirib ishlaydi. Hozir har bir sunʼiy hovuzda mingtagacha sazan boqilmoqda. 2 gektar maydonni egallagan sunʼiy ko‘llarda esa yarim intensiv usulda baliq parvarishlanmoqda.

Umuman, klaster yiliga 500 tonna baliq yetishtirish quvvatiga ega. Shu yerning o‘zida baliqni qayta ishlash sexi, 800 tonna sig‘imli zamonaviy muzlatgichlar ham bor.
Davlatimiz rahbari baliq yetishtirish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Bu tajribani ommalashtirib, aholini ham jalb etish zarurligi taʼkidlandi.
- Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish deyapmiz, har bir xonadonda daromad manbai yaratishni o‘ylayapmiz. Mana tayyor loyiha. Shunday hovuzlarni yetkazib berib, tartib-qoidasini o‘rgatib, uy sharoitida baliq boqishni ko‘paytirish kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ishlab chiqaruvchilarni xomashyo va aylanma mablag‘ bilan taʼminlab, sunʼiy hovuzlarni ko‘proq tayyorlash va joylarga yetkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Shu yerda Jizzax viloyatida uzumchilikni rivojlantirishga oid loyihalar taqdimot qilindi.
Hudud tabiati uzumchilik uchun juda qulay. Bundan foydalanib, Baxmal, G‘allaorol, Zomin, Sharof Rashidov, Zarbdor va Yangiobod tumanlarida 42 ta klaster tashkil qilinib, 50 ming gektar maydonda tokzor va intensiv bog‘lar barpo etilishi rejalashtirilgan.

Shavkat Mirziyoyev Sharof Rashidov tumanida uzumchilik klasteri tashkil etib, mahsulotni ko‘paytirish, enoturizmni rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Aholiga hosildor navlar berib, uzumini sotib olishni yo‘lga qo‘yish orqali besh ming kishining bandligini taʼminlash mumkinligi taʼkidlandi.

Avvalroq Prezident "ADM Jizzakh" avtomobil zavodiga, Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari, yangi muassasalar faoliyati bilan tanishgani, Chirchiq shahridagi “Kimyogarlar” madaniyat saroyi hamda Toshkent viloyatida joylashgan IT akademiyasiga tashrif buyurgani haqida xabar qilingandi.







