Pokistonda nashr etilgan “Shavkat Mirziyoyev — uzoqni ko‘ra biladigan davlat arbobi” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Kitob Islomoboddagi Global va strategik tadqiqotlar markazi tomonidan O‘zbekiston elchixonasi bilan hamkorlikda nashrga tayyorlangan.

Unga Pokistonning taniqli ekspertlari, olimlari va yosh tadqiqotchilari tomonidan yozilgan 14 ta tahliliy maqola kiritilgan.
Tadbirda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov ishtirok etdi.
Toshkentda O‘zbekiston Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida bo‘lib turgan Global va strategik tadqiqotlar markazi ijrochi direktori Xolid Taymur Akrom kitob haqida iliq fikrlarni bildirdi. Uning mazkur to‘plamga kiritilgan “Ilm-fan, madaniy va gumanitar almashinuvlarni kengaytirish: Prezident Shavkat Mirziyoyevning yuqori ahamiyatga ega taklifi” (“Expansion of Scientific, Cultural, and Humanitarian Exchanges: A Great Proposal by His Excellency President Shavkat Mirziyoyev”) sarlavhali maqolasida O‘zbekiston Prezidentining Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi madaniy-gumanitar va akademik aloqalarni chuqurlashtirish, shuningdek, mintaqaviy integratsiya jarayonini jadallashtirish bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro tashabbuslari mazmun-mohiyati tahlil qilingan.
Shuningdek, kitobning birinchi qismi “O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning izchil rahbarligi davrida” (“Uzbekistan under the dynamic leadership of His Excellency President Shavkat Mirziyoyev”) deb nomlanib, jamiyat hayotining turli jabhalarida amalga oshirilgan islohotlar va o‘zgarishlar samarasini aks ettiruvchi 5 ta tahliliy materialdan tashkil topgan.
“O‘zbekiston tashqi siyosati yo‘nalishlari” (“Uzbekistan‘s foreign policy contours”) deb nomlangan ikkinchi qismda mamlakatimizning mintaqaviy va xalqaro munosabatlardagi mavqei haqida so‘z boradi.
Bundan tashqari, tashqi siyosat maqsadlariga bag‘ishlangan 3 ta tahliliy maqola o‘rin olgan.
Kitobda Pokistonning “Islamabad Post”, “Diplomatic News Agency”, “Centreline”, “National Herald Tribune” kabi yetakchi gazeta va jurnallari, ularning vebsaytlari, tahlil markazlarining maxsus risolalarida chop etilgan maqolalar ham o‘rin olgan.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval “Yangi O‘zbekiston” kitob-albomining taqdimoti o‘tkazilgani hamda O‘zbekiston sanʼatining durdona asarlariga bag‘ishlangan noyob albom chop etilishi haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







