Samarqandda soxta “PZR” testi sotuvchisi qo‘lga olindi
Soxta “PSR sotuvchisi” Samarqand shahrida yashovchi 2001-yilda tug‘ilgan, aviakassa xodimi ekani aniqlandi.

Samarqand viloyat IIB "Transportda xavfsizlikni taʼminlash" boshqarmasi maʼlumotlariga ko‘ra, Samarqand shahar Amir Temur ko‘chasidagi aviakassada ishlovchi xodim fuqarolardan hech qanday tahlil namunasi (analiz) olmasdan koronavirusga “PSR” test maʼlumotnomasi tayyorlab berayotgani aniqlandi.
Shu kunning o‘zida boshqarma jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan tezkor tadbir uyushtirildi. Tadbirga jalb etilgan fuqarolardan biriga Amir Temur ko‘chasida joylashgan aviakassa xodimi 150 ming so‘m evaziga tahlil namunasi olmasdan maʼlumotnoma tayyorlab berayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirgi vaqtda tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonda 2,5 ming odam vaksina o‘rniga sho‘r suv bilan “emlangan”i hamda Italiyada soxta COVID sertifikatlarini tayyorlagan Telegram kanallari yopilgani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







