"Matn bo‘yni" sindromi. Telefonga egilmasdan, boshingizni sal ko‘taring, bo‘lmasa…
Kundalik hayotimizning ajralmas bir bo‘lagi bo‘lib qolgan gadjetlar nafaqat turmush tarzimizga, balki tana tuzilishimizga ham o‘z taʼsirini ko‘rsatib ulgurdi.

Oldingi maqolamizda siz bilan “smart pinky”, yaʼni smartfon taʼsirida barmoqlarning noo‘xshov bo‘lib qolishi haqida suhbatlashgan edik. Bu safar esa “matn bo‘yni” sindromi haqida gaplashamiz.
Ho‘sh, bu qanday sindrom?
Jamoat transportidan foydalanuvchilarning aksariyati safarini zerikishda o‘tkazmaslik maqsadida qo‘l telefoniga ovunishadi. Kimdir saqlab qo‘ygan SMS-xabarlarini, android kitoblar o‘qishni, yana boshqalar mobil o‘yinlar o‘ynashni maʼqul ko‘rishadi. Biroq bu garchi zerikishdan ko‘ra yaxshi bo‘lsa-da, ammo foydali emasligi olimlar tomonidan allaqachon isbotlangan.
Keling, atrofdagilarga ahamiyat beramiz:
Yoningizdagi yo‘lovchi mobil telefonida Instagramdagi xabarlarni zo‘r ixlos bilan tomosha qilyapti. Uning boshi biroz egilgan, shundaymi? Nima deb o‘ylaysiz, u shu holatda qancha muddat tura oladi?.. To‘g‘ri, manziliga yetguncha.
Olimlarning aniqlashicha, mana shu holda uzoq turib qolish anchagina zararli ekan. Chunki boshning ixtiyorsiz egilishi bo‘yinga og‘irlik tushishiga, oqibatda jiddiy kasalliklar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.
Kompyuterda ishlayotganda yoki telefonda yangiliklarni ko‘rayotganda, ko‘p odamlar tanalarini old tarafga egib, boshlarini oldinga cho‘zgan holda o‘tirishadi. Bunday o‘tirish “smartfon” deb ataladi.
Tananing bunday holda turib qolishi umurtqa pog‘onasiga ziyon keltiradi. Shuningdek, bel, bo‘yin, yelka muskullarining zaiflashishi, yuqori orqa mushaklarning esa siqilishiga sabab bo‘ladi. Bunday fiziologik buzilishlar "matn bo‘yin” sindromi alomatlaridir.
Tahlillarga ko‘ra, katta yoshli odamning boshi 5 kg. ni tashkil qiladi. mobil qurilmaga qarash uchun egilgan boshning vazni 2-3 barobarga oshadi. Endi tasavvur qiling, Instagramga kirganingizda bo‘yningizda sal kam 20 kg. og‘irlikdagi yuk turibdi. Albatta, bu bo‘yin mushaklarining og‘rishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, bunday holatda umurtqa pog‘onasining qiyshayishi ham taxmin qilinadi.

Mutaxassislar “matn bo‘yni” sindromiga chalingan odamlarda o‘rta bo‘yin umurtqa pog‘onasining churrasi, migren va bosh og‘rig‘i, orqa va bo‘yindagi og‘riqlar paydo bo‘lishini aniqladilar.
Sindromga chalinishda quyidagi alomatlar kuzatiladi:
• ko‘rish sohasidagi muammolar;
• belning yuqori qismida og‘riq;
• tez-tez bosh og‘rig‘i;
• bo‘yin mushaklarida og‘riq.
Ishonchimiz komilki, bunday alomatlarni deyarli hammamiz boshdan kechirganmiz. Taʼkidlash kerak, bu ajablanarli holat emas. Tibbiyot fanlari doktorlari Kennet Xansrajning so‘zlariga ko‘ra, bu muammo allaqachon doimiy holga aylangan.
Albatta har narsaning yechimi bo‘lgani kabi, bu sindromdan qutulishning ham yo‘llari bor. Avvalo, siz o‘zingizni nazorat qila bilishingiz lozim. Shuningdek, kompyuterda ishlaydiganlar ish stolida ham bir qancha o‘zgarishlarni amalga oshirgani maʼqul.
Misol uchun, monitorni ko‘rish nuqtasiga to‘g‘ri joylashtiring, yaʼni u pasayib, yoki ko‘tarilib ketmasin. Bundan tashqari, ekrandagi obyektning hajmini kattalashtirishingiz kerak. Shunda sizning sinchiklab egilib qarashingizga hojat qolmaydi.
O‘tirganda umurtqangizni to‘g‘ri tuting. Oyoqlaringiz esa taxminan 100-135° burchak ostida bo‘lishi maqsadga muvofiq. Bu umurtqaga tushadigan og‘irlikni kamaytiradi.
Shu bilan birga klaviaturani ham shunday joylashtiringki, harflarni terayotganda bo‘yin va yelkangiz muskullari erkin tursin, yaʼni majburan zilday og‘ir boshingizni ko‘tib turmasin.
Mutaxassislar oyoqlarni chalishtirib o‘tirishni ham maslahat bermaydi. Ularning fikricha, oyoqlar bir xil turgani yaxshi.
Telefonga tikilishni esa kamaytirganimiz foydali bo‘ladi. Agar buning iloji bo‘lmasa, unda mobil qurilmani sal teparoq ko‘taring.
Jismoniy mashqlarga keladigan bo‘lsak, bo‘yin harakatlarini har tongda bajarib turish lozim. Bu nafaqat sindromga yo‘liqmaslik, shuningdek, qonning miyaga yaxshi yetib borishi uchun ham foydalidir.
Olamgir Abdiyev







