Hududlarda badminton, stritbol va “Workout” sport turlari uchun sport maydonchalari tashkil etiladi
Ushbu sport turlari uchun 2021–2025 yillarda hududlarda 1164 ta sport maydonchalari qurish ko‘zda tutilgan.

“Yurish, yugurish, mini-futbol, badminton, stritbol va “Workout” sport turlarini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qaror bilan 2021–2022 yillarda yurish, yugurish, mini-futbol, badminton, stritbol va “Workout” sport turlarini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi.
Qarorga muvofiq quyidagi sport musobaqalari har yili o‘tkaziladi:
👉 yurish va yugurish bo‘yicha – “Tashkent Marathon”, “Samarkand Half Marathon” va “Zaamin Ultra” xalqaro marafonlari, “Sky Camp Bostanliq” triatlon va yoga marafonlari, “Barcha rekordlar bizniki!” (5 va 10 ming qadamga), turli masofalarga yugurish bo‘yicha “Yangi rekordlar sari!”;
👉 mini-futbol bo‘yicha – “Yangi O‘zbekiston yoshlarimiz”, “Sog‘lom oila – Yangi O‘zbekiston tayanchi” (oilaviy jamoalar o‘rtasida) “Rahbar kubogi” (davlat organlari va tashkilotlari xodimlari o‘rtasida);
👉 badminton bo‘yicha – “Bahor malikalari”, “Badminton ligasi” (umumiy o‘rta va professional taʼlim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida), “Rahbar kubogi” (davlat va nodavlat tashkilotlarining xodimlari o‘rtasida) va “Imkoniyatingizdan ko‘prog‘ini bajaring!” (aholining keng qatlamlari o‘rtasida);
👉 stritbol va “Workout” bo‘yicha – “Rekorddan – yangi rekordga!” va “Giyohvand moddalarga qarshi!” (taʼlim muassasalari o‘quvchi va talabalari o‘rtasida), “Muhimi g‘alaba qozonish emas, balki qatnashish!” (mahalla jamoalari o‘rtasida), “Qishlog‘ing uchun g‘alaba qozon!” (qishloq jamoalari o‘rtasida), “Sog‘lom tanda – sog‘lom fikr!” (davlat va nodavlat tashkilotlarining xodimlari o‘rtasida).
Prezidentimiz sportchilarni Parij Olimpiadasiga tayyorlash bo‘yicha qaror imzolagani Olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlari tashkil etilgani haqida xabar berilgandi.
Bahriniso Madumarova tayyorladi.







