Turkiyada “O‘zbek kinosi kuni” bo‘lib o‘tdi
8-12 noyabr kunlari Turkiyada bo‘lib o‘tayotgan “Korkut ata” xalqaro kinofestivalida taniqli o‘zbek kinoijodkorlari ham ishtirok etmoqda.


Kinofestivalda O‘zbekiston Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan rejissyor Ali Hamrayevning “Xalq jasorati”, Jahongir Ahmedovning “Ilhaq” filmlari ham namoyish etildi.
Kinematografiya agentligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, kinofestival dasturida “O‘zbek kinosi kuni” tashkil etildi. Qayd etilishicha, avval “Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivali haqida video rolik taqdim etildi.

Tabrik uchun O‘zbekiston Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov hamda Turkiya Respublikasi Madaniyat va Turizm vaziri o‘rinbosari Ahmet Demirkan so‘zga chiqishdi.
Taʼkidlanishicha, kechada o‘zbek milliy kuy-qo‘shiqlari va raqslari yangradi. Madaniy tadbir bayram tantanaga aylanib ketdi. Taniqli o‘zbek kino va estrada yulduzlarining chiqishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

So‘ngra, Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan rejissyor Rashid Malikovning “Tutqunlik” filmining premyerasi bo‘lib o‘tdi. Kechada o‘zbek kinoijodkorlari, Turkiyadagi vatandoshlarimiz va mahalliy aholi ham ishtirok etishdi.

Maʼlumot uchun: 11 noyabrdan Turkiya milliy telekanallarida kinofestivalda namoyish etilgan o‘zbek filmlarining TV premyeralari ham boshlandi.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Axmet Misbax "Korkut Ata” festivali boshqa turkiy davlatlarda ham o‘tkazilishini maʼlum qilgandi.
Avvalroq Turkiya va Suriyada “Chegara” badiiy filmini suratga olish ishlari boshlangani, Mirzo Ulug‘bek haqidagi hujjatli film namoyish etilgani hamda O‘zbekiston kinematografiya agentligi Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston davlatlari bilan kelishuvga erishgani haqida xabar berilgandi.







