Turkiy tilli davlatlar kinofestivalida O‘zbekiston 3 ta mukofotni qo‘lga kiritdi
Kinofestival davomida o‘zbek delegatsiyasi tomondan turli kompaniyalar bilan hamkorlik kelishuvlariga erishildi.

Avvalroq 8-12 noyabr kunlari Turkiyada “Korkut ata” turkiy tilli davlatlar xalqaro kinofestivali bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergandik.
Mazkur kinofestivalda Rashid Malikovning Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan “Tutqunlik” filmi hayʼat aʼzolarining maxsus mukofoti bilan taqdirlandi. Ali Hamroyevning "Xalq jasorati" filmi esa hujjatli kino yo‘nalishida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqovga “O‘zbek kino sanʼati rivoji uchun” maxsus mukofoti topshirildi.
Kinofestival hayʼat raisi Mesud Uchakan o‘zbek filmlaridagi gumanistik g‘oyalarni olqishlashdi:
“O‘zbek filmlarining gumanizm g‘oyalarini ilgari surishi bizga juda yoqdi. “Mehr” operatsiyasi haqida suratga olingan “Tutqunlik” filmi alohida olqishga loyiq. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining urush kechayotgan yerlardan o‘z fuqarolarini qaytarish bo‘yicha ko‘rsatgan tashabbusini alohida eʼtirof etgan bo‘lardim. Bu ulkan insoniylik va gumanistik loyihadir”, — dedi hayʼat raisi.
O‘zbekiston kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov:
"Mazkur mukofot so‘nggi 5 yil davomida O‘zbekistonda olib borilayotgan kino islohotlariga katta baho deb bilaman. Mazkur islohotlar bevosita hurmatli prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan bog‘liq. Ularning barchasi Prezidentimiz tashabbuslari natijasidir. Mazkur mukofot o‘zbek kinoijodkorlarinikidir. Chunki buni ortida juda katta jamoa va hamjihatlikdagi mehnat turipdi. Ularga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman", — deya taʼkidladi.
Turkiya madaniyat va turizm vaziri Ahmet Demirkan hamkorlik haqida so‘zladi:
“Endilikda biz O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bilan aloqalarni o‘rnatamiz, hamkorlikda xalqaro kino loyihalar ishlaymiz. O‘ylaymanki, bu hamkorligimiz katta natijalar beradi”.
Maʼlumot uchun: festival davomida o‘zbek kinosi kuni o‘tkazilib, “Tutqunlik”, "Xalq jasorati" filmlaridan tashqari Jahongir Ahmedovning “Ilhaq” kartinasi premyerasi bo‘lib o‘tdi. Quvonarlisi, Turkiya telekanallarida o‘zbek filmlari namoyishi etildi.
Qayd etilishicha, kinofestivalning taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ham ishtirok etdi. So‘ngra, turkiyalik hamkasbi bilan duet kuyladi. Ularning chiqishi tashrif buyurganlarda yorqin taassurot qoldirdi va olqishlarga sazovor bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Turkiya madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Axmet Misbax "Korkut Ata” festivali boshqa turkiy davlatlarda ham o‘tkazilishini maʼlum qilgandi.
Avvalroq Turkiyada “O‘zbek kinosi kuni” bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgandi.







