“Qarshi neft bazasi”ning xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 6 nafar mansabdor ishdan ketdi
Ular jami debitor qarzdorliklarni 21 milliard 213 million so‘mga ortishiga yo‘l qo‘ygan.

“O‘zbekneftgaz” AJ axborot xizmati Zamon.uz‘ga xabar qilishicha, “Qarshi neft bazasi” masʼuliyati cheklangan jamiyatida navbatdagi profilaktik nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, neft mahsulotlarining saqlanishi, isteʼmolchilarga yetkazib berilishi, debitorlik, kreditor qarzdorliklar bilan bog‘liq ko‘plab noo‘rin xarajatlar, shuningdek, amaldagi qonunchilikka rioya qilinmaslik holatlari aniqlandi.
Jumladan:
• "Qarshi neft bazasi"da (filiallarsiz) 9 milliard 257,4 million so‘mga oshgan;
• Koson filialida 10 milliard 553,1 million so‘mga oshgan;
• G‘uzor filialida 1 milliard 386,5 million so‘mga oshgan.
Shuningdek, jami 9 ta FYOTSHda 1 milliard 286 million so‘mlik 130 135 litr neft mahsulotlari istemolchilarga to‘lovsiz, ruxsatnomalar, hisob-maʼlumotnomalar rasmiylashtirmasdan yetkazib berilgan va kamomad holatiga ham yo‘l qo‘yilgan. O‘rganish davrida istemolchilardan pul mablag‘lari tushirilib jami 895,7 million so‘mlik neft mahsulotlari qiymati qoplangani maʼlum bo‘ldi.
Huddi shunday, Yakkabog‘ filialiga qarashli 3 ta FYOTSHda jami 1 milliard 162 million so‘mlik 130 254 litr neft mahsulotlari istemolchilarga to‘lovsiz ruxsatnomalar, hisob-maʼlumotnomalar rasmiylashtirmasdan yetkazib berilgan va kamomad holatiga yo‘l qo‘yilgan. Istemolchilardan pul mablag‘lari tushirilib, kamomad to‘liq qoplandi.
Neft bazaning Koson filiali mahsulotlar omborida o‘tkazilgan xatlovda jami 80,5 million so‘mlik 11,0 tonna Ai-80 avtobenzindan kamomad aniqlanib, javobgar shaxs tomonidan qoplanishi taʼminlandi. Ushbu filialning FYOTSHlardagi mavjud tovar moddiy boyliklari xatlovdan o‘tkazilganda, jami 16 ta FYOTSHda 15,4 million so‘mlik tovar moddiy boyliklar yaroqsiz holatga keltirilganligi aniqlangan.
Shuningdek, 2015-2017 yillarda xodimlarning xarid qilingan namunali uy-joylardan bo‘lgan 10,7 million so‘m qarzdorligini vaqtida undirish choralari ko‘rilmagan.
O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, “Qarshi neft bazasi” MCHJning xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan jami 28 nafar masʼul mansabdor shaxsga nisbatan qatʼiy intizomiy choralar ko‘rildi. Shundan 6 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi. 22 nafariga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.
"Qarshi neft bazasi"da aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan hujjatlar to‘planib, huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Arnasoy tumani hokimligi mansabdorlari 7 milliard so‘mni o‘zlashtirishda gumonlanayotgani, Samarqanddagi ayrim teatr mansabdorlariga jinoiy ish qo‘zg‘atilgani, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida qariyb 10 milliardlik mablag‘ talon–taroj qilingani hamda Parkent tumani tibbiyot birlashmasi mansabdorlari 1,5 milliard so‘mni o‘zlashtirib yuborgani aniqlangani haqida xabar berilgandi.







