Toshkent viloyatida terrorсhi tashkilot a'zolari ushlandi
Ular Suriyadagi jangarilarga yordam berish maqsadida moddiy mablag‘lar to‘plagan.

Toshkent tumani hududida “Katiba Tavhid val-Jihod” terrorchi tashkilotning yashirin jamoati aʼzolari qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB matbuot kotibi xabar berdi.
Joriy yilning 23-noyabr kuni Toshkent tumanida “KTJ” terroristik tashkilotining yashirin jamoati aʼzolari mazkur tashkilot g‘oyalarini targ‘ib qilish bilan shug‘ullanib kelayotganliklari aniqlandi. Ular jamoat bo‘lib shakllanishlari davomida, turli diniy ekstremistik va terroristik tashkilotlarning g‘oyaviy rahnamolari hisoblangan "Abdulloh Zufar" va "Sodiq Samarqandiy"ning audio va video maʼruzalarini tarqatgan holda saflarini kengaytirish bilan shug‘ullangan.
Holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda “Xalifalik” davlatini qurmoqchi bo‘lgan 12 nafar shaxs, Sirdaryo va Surxondaryoda terrorchilik tashkiloti aʼzolari, Chinozda “Jihodchilar”ning 10 nafari, Toshkent viloyatida ekstremistik faoliyat bilan shug‘ullanib kelgan 27 kishi qo‘lga olingani hamda Qo‘qonda “Jihodchilar” oqimi tarafdorlari faoliyatiga chek qo‘yilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.







