Bojxona boshlig‘i va uning xodimlari ishdan olingani aytilmoqda
Ushbu holatga asosiy sabab sifatida bojxona xodimlarining blogerga yo‘llagan murojaati ko‘rsatilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent aeroport bojxona posti boshlig‘i va uning 2 nafar xodimi ishdan olinganligi haqida norasmiy xabarlar tarqaldi.
Bojxona qo‘mitasi “Toshkent AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi yosh xodimlari blogerga anonim murojaat yo‘llagan.
Unga ko‘ra, joriy yilning sentyabr-oktyabr oylarida kompleksning 2014-2021-yillardagi moliyaviy xo‘jalik faoliyati tekshirilganda, 14 milliard so‘m miqdoridagi, byudjet va maxsus fond mablag‘lari o‘zlashtirilgani ochiqlangan.
O‘g‘irlangani aytilayotgan pullar xodimlarga oylik maoshi va yordam puli sifatida tarqatilishi kerak bo‘lgan.
Bu holat bo‘yicha sentyabr oyida xizmat tekshiruv boshlangan bo‘lsa-da biroq jinoyat ishi ham, xizmat tekshiruvi ham o‘tkazilmagan. Shuningdek, o‘zlashtirilgan mablag‘ni joyiga qaytarish uchun xodimlarning 3-4 oylik maoshi berilmasligi maʼlum bo‘lgan.
Murojaat eʼlon qilinganidan 10 kun o‘tib, yaʼni bugun 19-dekabrda Davlat bojxona qo‘mitasi raisi A.Mavlonov buyrug‘i bilan Toshkent aeroport bojxona posti boshlig‘i Abdullayev Rahim egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Energetika vaziri o‘rinbosari ishdan olingani hamda Rustam Inoyatov prezident maslahatchisi lavozimidan ozod etilgani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







