Joriy yilning 11 oyi davomida davlatga 35.5 milliard zarar yetkazilgan
“O‘zsuvta’minoti” AJ tarmoqqa noqonuniy ulanish holatlari statistikasini ma’lum qildi.

Joriy yilning yanvar-noyabr oylarida “O‘zsuvta’minot” AJ va uning hududiy mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan suv ta’minoti va oqova suv tarmoqlariga 3 704 ta noqonuniy ulanish holatlari aniqlandi. Bu haqda “O‘zsuvta’minoti” AJ matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, eng yuqori ko‘rsatkichlar Xorazm viloyatida 910 ta, Namangan viloyatida 714 ta va Toshkent viloyatida 599 ta holatni tashkil etgan. Mazkur qonunbuzarliklar tufayli davlat va jamiyat manfaatlariga jami 35,2 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan.
Ushbu davr mobaynida aksiyadorlik jamiyati va uning hududiy mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan respublika bo‘yicha 5 421 nafar jismoniy va yuridik iste’molchi jami 19,8 milliard so‘mlik qarzdorligi uchun suv ta’minoti tarmog‘idan uzilgan.
Avvalroq Samarqandda gaz ta'minotiga noqonuniy foydalanishning 12 ta holati aniqlanib, davlatga 2 milliard 825 million so'm zarar yetkazilgani xabar qilingandi.
Javohirbek Tursunov








