Jamiyat

Og‘ir jinoyat sodir etgan “avtoritet”ga umrbod qamoq jazosi tayinlandi

Ular Chilonzor tumanida joylashgan "Shovotlandiya" kafesida yong‘in sodir bo‘lishiga va 5 kishining umriga zomin bo‘lgan.

Og‘ir jinoyat sodir etgan “avtoritet”ga umrbod   qamoq jazosi tayinlandi

 

Joriy yilning 27-fevral kuni Toshkentdagi "Shovotlandiya" kafesiga o‘t qo‘yganlikda va 5 kishining o‘limiga sababсhi bo'lgan fuqaro ayblanib sudlangan 36 va 26 yoshli ikki kishiga nisbatan umrbod qamoq jazosi belgilandi.

 

Avvval turli jinoyatlar bilan sudlangan 36 yoshli shaxs “avtoritet” degan nom chiqargan. Muqaddam sodir etgan jinoyatlari uchun jazo o‘tayotgan vaqtda 26 yoshli sudlanuvchi bilan tanishib qolgan. 26 yoshli sudlanuvchi qamoqda unga "boss" deb bo‘ysungan.

 

26 yoshli sudlanuvchi qamoqdan chiqqach, 36 yoshli rahnamosi uni o‘zi ishlab kelayotgan Zangiota tumani "Eshonguzar" qo‘rg‘onidagi choyxonaga ishga olgan. Yosh yigitni tobe qilib olgach, unga turli jinoiy topshiriqlarini bajartirib kelgan.

 

"Shovotlandiya" kafesi egasi murojaat qilib, bir shaxs uning qarindoshidan pulini bo‘lib-bo‘lib berish sharti bilan 5 dona "Iphone 11 Pro" rusumli telefonni olib, muayyan miqdordagi pullarni to‘lagani va qolgan 4000 dollarni bermay yurganini aytadi. Jinoyatchi o‘z xizmati evaziga kafe egasidan 1500 dollarlik “Iphone” olib berishini talab qiladi.

 

Kafe egasi “avtoritet”ning taklifini rad etgach, ular orasida kelishmovchilik yuzaga keladi. “Avtoritet” ko‘cha olamida o‘z obro‘si to‘kilganini, bunga munosib tarzda javob qaytarmasa kelgusida uni hech kim mensimay qo‘yadi deb hisoblab ko‘rsatmalariga so‘zsiz itoat etadigan sherigiga qaltis jinoyat rejasini yuklaydi. "Shovotlandiya" egasi ofisida tunab qolgan vaqtda kafega o‘t qo‘yishni buyuradi.

 

Sudda keltirilgan maʼlumotlarga ko‘ra "Shovotlandiya" kafesining 644 million 799 ming 538 so‘mlik binosi hamda undagi 420,4 million so‘mlik oshxona jihozlari to‘liq yongan. Sud-tibbiyot ekspertizasining xulosalariga ko‘ra, bino ichida uxlab yotgan 60 yoshli ikki nafar ayol, 23 yoshli ikki nafar yigit, 22 yoshli qiz is gazidan zaharlangan. Tanasining 100 foiz 3−4 darajali termik kuyishi oqibatida vafot etgan. 

 

Mazkur holat jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, 21 dekabr kuni sud hukmi o‘qildi,

 

Sud qarori bilan yong‘inga sababchi sifatida gumon qilingan 36 yoshli fuqaro Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining “a, v, d, j, p” bandlari (qasddan odam o‘ldirish), 165-moddasining 1-qismi (tovlamachilik), 173-moddasi 2-qismining “b, v” bandlarida (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi. Unga JKning 59-moddasi 4-qismi tartibida tayinlangan yengilroq jazolarni umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan qoplash orqali uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, 26 yoshli sudlanuvchi Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining “a, v, d, j, p” bandlari (Qasddan odam o‘ldirish), 173-moddasi 2-qismining “b, v” bandlarida (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi. Jinoyat kodeksi 59-moddasining 4-qismi tartibida tayinlangan yengilroq jazolarni umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan qoplash orqali uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

 

Avvalroq “16 fevral voqealari"ni uyushtirgan xavfli shaxs 23 yildan so‘ng ushlangani  hamda Xalqaro qidiruvdagi jinoyatchi Abu-Dabida qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi. 

 

Munojat Valiyeva

Og‘ir jinoyat sodir etgan “avtoritet”ga umrbod qamoq jazosi tayinlandi | Zamon.uz